Al Jazeera telekanali o'tkazgan jurnalistik surishtiruv mashhur "NAZA" hujjatli filmiga qarshi yaratilgan Isroil rejimining kontr-filmi tomoshabinlari soni bo'yicha tarqatilgan da'volar asossiz ekanini ko'rsatib berdi. Domen reyestrlari, veb-arxivlar va mustaqil tahlil vositalari yordamida olib borilgan tekshiruv Isroil rasmiy idoralari tomonidan targ'ib qilingan raqamlar ataylab to'qib chiqarilganini isbotladi. Asl film G'azodagi tinch aholi vakillarini o'ldirishda sun'iy intellekt tizimlaridan foydalanilganini fosh etib, xalqaro miqyosda katta shov-shuvga sabab bo'lgan edi.
Asl kartinaning muvaffaqiyati Isroil rejimida keskin siyosiy inqiroz va vahimaga sabab bo'ldi. Bosh vazir Binyamin Netanyahu armiya va maxfiy xizmat rahbarlaridan ishtirokchilarni qattiq jazolashni talab qildi, film rejissyorlari esa davlat xiyonatida ayblanib, fuqarolikdan mahrum etilish tahdidiga duch keldi. Global miqyosdagi aks-sadoni pasaytirish maqsadida rejim tarafdorlari "NAZA: Haqiqiy hikoya" deb nomlangan 49 daqiqali kontr-filmni e'lon qildi va uning ko'rishlar soni go'yo 44 milliondan oshganini iddao qildi.
Biroq mustaqil tahlil platformalari va YouTube ma'lumotlari bu raqamlar butunlay yolg'on ekanini fosh etdi. Rasmiy YouTube kanalidagi to'liq versiya atigi 130 mingdan kam tomoshabinga ega bo'lib, veb-saytdagi ko'rsatkich haqiqiy holatdan 336 baravar oshirib ko'rsatilgan edi. Sayt manba kodini o'rganish jarayonida ko'rishlar soni sun'iy ravishda server orqali yetkazib berilishi va animatsiya yordamida soxta jonli hisoblagich yaratilgani aniqlandi.
Shunga qaramay, Isroil rejimining Vashingtondagi elchixonasi va Milliy jamoatchilik diplomatiyasi boshqarmasi rahbari Tsipi Xotoveli ushbu soxta raqamlarni rasmiy tashviqot quroliga aylantirib, film yaratuvchilarini taqdirladi. Ushbu raqamli manipulyatsiya kampaniyasi 2023 yil oktabridan beri davom etayotgan va o'n minglab falastinliklarning o'miga zamin yaratgan harbiy harakatlar fonida amalga oshirilgani ta'kidlanmoqda.
Source: www.aljazeera.com