Hozirgi kunga qadar Ukraina hududida Starshield tizimining faoliyatida kuzatilgan kutilmagan cheklovlar nima sababdan kelib chiqqani hamon jumboqligicha qolmoqda. 14-oktabr tongida ukrainalik harbiylar Starlink’ning harbiy versiyasi boʻlgan ushbu aloqa vositasining ishlashida uzilishlar borligini xabar qilishgan edi. Oradan bir kun oʻtib, 15-oktabr tongida Ukraina mudofaa vazirligi tizim yana qayta tiklanganini e'lon qildi, biroq mazkur holat siyosiy doiralarda jiddiy muhokamalarni keltirib chiqardi.
Kiyev rejimidagi mulozimlar, jumladan, Ukraina prezidentining maslahatchisi Sergey Beskrestnov bu holat go‘yo Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp oʻrtasidagi siyosiy ziddiyat bilan bogʻliqligini da'vo qilib, buni tasodif deb boʻlmasligini iddao qildi. Oʻz navbatida, Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy ham sodir boʻlgan voqeani «katta xato» deb atab, agar aloqa ishlamasa odamlar halok boʻlishini aytib, tizimni qayta yoqishni soʻragan va bu holatni adolatsizlik deb baholagan.
Biroq AQShdagi hukumat doiralari va SpaceX rahbariyati mazkur uzilishlarga oʻzlari aloqador emasligini qat'iy ta'kidlamoqda. SpaceX rahbari Ilon Maskning bildirishicha, Starshield tizimi toʻgʻridan-toʻgʻri Amerika rasmiylari tomonidan nazorat qilinadi va har qanday cheklovlar harbiylar hamda AQSh rahbariyati tomonidan belgilanadi. Oq uyning rasmiy vakillari esa bu masalaga aloqador emasligini bildirib, savollarga javob berishdan bosh tortdi.
Mazkur holat fonida AQSh siyosiy doiralarida ham keskin bahslar boshlanib ketdi. Jumladan, amerikalik senator Tom Tillis Kongress tomonidan maxsus tergov boshlanishini e'lon qildi. Uning soʻzlariga koʻra, bu holat eng yaxshi holatda qabul qilib boʻlmaydigan texnik xato, eng yomon holatda esa Rossiya hujumlari uchun sharoit yaratishga qaratilgan ongli qaror boʻlishi mumkinligini iddao qilmoqda.
Source: kun.uz