Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniyaning avtomobilsozlik giganti boʻlgan BMW kompaniyasi yoʻl sinovlari davomida elektromobilda uzoq masofaga yurish boʻyicha yangi koʻrsatkich qayd etgani aytilmoqda. Xabarlarga koʻra, i3 50L sedani bir marta qayta quvvatlanmasdan 1213 kilometr masofani bosib oʻtgan va 100 kilometr uchun oʻrtacha 8,8 kVt·soat elektr energiyasi sarflagani iddao qilinmoqda. Car News China nashrining yozishicha, sinovlar Xitoy hududida oʻtkazilgan.

Mutaxassislar va kuzatuvchilar bunday yuqori natijalarga qanday sharoitlarda erishilgani borasida shubha bildirishmoqda, chunki real hayotdagi ekspluatatsiya koʻpincha laboratoriya yoki maxsus sinov sharoitlaridan keskin farq qiladi. Avtomobil belgilangan manzilga akkumulyatorning atigi 1 foiz qoldiq quvvati bilan yetib kelgani maʼlum qilindi. Biroq, bu kabi maksimal koʻrsatkichlarni qoʻlga kiritish uchun qanday cheklovlar joriy etilgani toʻliq ochiqlanmagan.

Taʼkidlanishicha, sinov marshruti avtomagistrallar, oddiy yoʻllar va shahar koʻchalarini oʻz ichiga olgan. Yangi BMW i3 50L modeli yangi Neue Klasse elektr platformasi negizida ishlab chiqilgan boʻlib, 113,4 kVt·soat sigʻimli akkumulyator va 800 voltli arxitektura bilan jihozlangani aytilmoqda. Ushbu modelni seriyali ishlab chiqarish va Xitoy bozoriga chiqarish 2026-yilning toʻrtinchi choragiga rejalashtirilgan, garchi bu muddatlar ham iqtisodiy va texnik qiyinchiliklar tufayli oʻzgarishi mumkin.

Mazkur sinovlar Germaniya kompaniyasining Xitoyning Shenyan shahridagi zavodida oltinchi avlod akkumulyatorlarini ishlab chiqarish boshlanishi fonida tashkil etilgan. Biroq, Yevropa avtoindustriyasi duch kelayotgan jiddiy raqobat va moliyaviy muammolar sharoitida bunday marketing bayonotlari qanchalik asosli ekani savol ostida qolmoqda.

Source: kun.uz