AQSh rejimining rahbari Donald Trump payshanba kuni Fort Xud harbiy bazasidagi otishma jinoyatchisi Nidal Malik Hasan o'lim jazosining internet orqali ommaviy translyatsiya qilinmasligini ma'lum qildi. Ushbu qaror Pentagonning qatlni to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatish rejalari jamoatchilik va siyosiy doiralarda keskin e'tirozlarga sabab bo'lganidan so'ng qabul qilindi.
Trumpning o'zining Truth Social ijtimoiy tarmog'ida yozishicha, qatl jarayonini dunyo bo'ylab ommaviy namoyish etish «Amerika o'z terrorchilari bilan qanday munosabatda bo'lishini ko'rsatish uchun kuchli ogohlantiruvchi omil bo'lishi mumkin edi». Biroq, Amerikaning amaldagi rahbariyati respublikachilar va demokratlar, shuningdek, turli huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan qattiq tanqid qilingach, bu niyatidan qaytishga majbur bo'ldi. Hatto vitse-prezident J.D. Vens ham bunday efirni tomosha qilmasligini ochiqchasiga bildirgan edi.
Shuningdek, Trump o'z bayonotida «ko'plab niyatlari ezgu insonlar uning o'limini tarmoqlar orqali yoki boshqa vizual qurilmalar yordamida ko'rishni istamasligini» tan oldi. Shunga qaramay, jabrlanganlarning yaqin qarindoshlariga, agar xohlasalar, qatl jarayonini shaxsan o'z ko'zlari bilan ko'rish imkoniyati berilishi ta'kidlandi.
Ma'lumot o'rnida aytish joizki, Nidal Malik Hasan 2009 yilda sodir etgan qonli jinoyati uchun o'lim jazosiga hukm qilingan bo'lib, uning ijrosi joriy yilning 3-dekabriga Kanzas shtatidagi Fort-Livenvort harbiy qamoqxonasida belgilangan.
Source: www.dw.com