Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iroq parlamenti mamlakat Bosh vaziri Ali az-Zaidi hukumati shakllantirish jarayonini nihoyasiga etkazdi. Deputatlar payshanba kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda avval bo'sh qolgan vazirlik lavozimlari hamda uch nafar bosh vazir o'rinbosari nomzodini ma'qulladi. Ovoz berish jarayonida mudofaa, ichki ishlar, rejalashtirish, madaniyat hamda Oliy ta'lim va ilmiy tadqiqotlar vazirliklari uchun jami 11 ta portfel taqsimlandi. Shu bilan birga, partiyalararo kelishmovchiliklar sababli migratsiya va qochqinlar vaziri lavozimiga nomzod bo'yicha ovoz berish keyinga qoldirildi.

Tasdiqlangan yuqori lavozimli amaldorlar orasida uch nafar bosh vazir o'rinbosari ham bor bo'lib, ulardan biri — Lays al-Xazaliy keng jamoatchilikda jiddiy savollar tug'dirdi. U Eronni qo'llab-quvvatlovchi «Asaib Ahl al-Haq» harakatining yetakchisi Qais al-Xazaliyning ukasidir. Eslatib o'tamiz, AQSh rejimi ushbu harakatni terrorchi tashkilot deb e'lon qilgan hamda aka-xoja Xazaliylarga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi. Vashington ularni 2007 yilda amerikalik harbiylarning o'limiga sabab bo'lgan hujumlarda va namoyishchilarni o'ldirishda ayblagan.

Bosh vazir Ali az-Zaidi parlamentga minnatdorchilik bildirib, yangi tayinlangan vazirlarni o'z vazifalariga mas'uliyat bilan yondashishga chaqirdi. Uning so'zlariga ko'ra, hukumat AQSh-Isroil rejimining Eron xalqiga qarshi boshlagan urushi keltirib chiqargan misli ko'rilmagan iqtisodiy va xavfsizlik muammolariga qarshi kurashishga majbur bo'lmoqda. Urush tufayli Hormuz bo'g'ozi orqali amalga oshiriladigan neft eksporti izdan chiqib, davlat daromadlarining 90 foizini yo'qotishiga sabab bo'lgan.

Iroq hukumati og'ir moliyaviy tanqislikni boshdan kechirmoqda. Byudjet xarajatlarini qoplash maqsadida sobiq banker bo'lgan Bosh vazir az-Zaidi dinar kursini AQSh dollariga nisbatan qariyb 15 foizga qadrsizlantirdi. Shuningdek, uning iddaosicha, hukumat o'z zimmasiga olgan paytda davlat qarzi 208 trillion Iroq dinaridan oshib ketgan bo'lib, har oy ish haqi va zarur xarajatlar uchun 10 trillion dinar talab etiladi.

O'z navbatida, Bosh vazir mamlakatda korrupsiyaga qarshi keskin kurashish, davlat nazoratidan tashqarida bo'lgan qurolli guruhlarni qurolsizlantirish hamda AQSh rejimining mamlakatdagi harbiy kuchlarini to'liq olib chiqib ketishini ta'minlash orqali suverenitetni mustahkamlashga va'da berdi.

Source: www.aljazeera.com