Hindiston poytaxti Dehli shahrida navbatdagi siyosiy tanglik yuzaga kelishi kutilmoqda. «Cockroach Janta Party» (CJP) yoshlar harakati a'zolari mamlakat markaziy biznes tumanida keng ko'lamli norozilik namoyishini o'tkazishga chaqiriq bilan chiqdi. Tashkilotchilar fuqarolarni Konnot-Pleys maydoniga to'pllanib, Hindiston milliy bayrog'ini ko'tarib chiqishga undamoqda. Ushbu harakat yetakchilarining so'zlariga ko'ra, mazkur aksiya hibsga olingan safdoshlarini qo'llab-quvvatlash hamda o'z norozilik bildirish huquqini himoya qilish maqsadida tashkil etilmoqda.
Qayd etilishicha, o'tgan hafta ham shunga o'xshash yig'ilish o'tkazish rejalashtirilgan edi, biroq huquq-tartibot idoralari tomonidan minglab xavfsizlik xodimlari safarbar qilinib, namoyishning oldi olingan va ommaviy hibsga olishlar amalga oshirilgan edi. Hozirda ham harakat yetakchilari belgilangan norozilik hududiga ruxsatsiz kirib borganlikda ayblanib, sud nazorati ostiga olingan. CJP esa bu harakatlarni qonuniy ekanini iddao qilib, hokimiyat bosimiga qaramay o'z pozitsiyasidan qaytmasligini bildirgach, vaziyat yanada chigallashdi.
O'z navbatida, Dehli politsiyasi markaziy tuman hududida qat'iy taqiqlovchi buyruqlar amal qilishini eslatib o'tdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining ma'lum qilishicha, ular faqat cheklangan miqdorli guruhlargagina muayyan joyda bayroq ko'tarib yurishga ruxsat berishi mumkin, aks holda jamoat tartibini saqlash uchun qat'iy choralar ko'riladi. Shahar ko'chalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgani sababli aholi orasida xavotirlar ortib bormoqda.
Xalqaro yo'nalishdagi boshqa xabarlarga ko'ra, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida joriy yilning dekabr oyida Kanadaga rasmiy tashrif bilan borishi kutilmoqda. Ushbu safar ikki davlat o'rtasidagi so'nggi yillardagi diplomatik muzokaralarning mantiqiy davomi bo'lishi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, Hindiston hukumati Saudiya Arabistonidagi o'z fuqarolariga jiddiy ogohlantirish yo'lladi. Yamanning husiy harakati tomonidan amalga oshirilayotgan halokatli havo hujumlari fonida hindistonliklardan uydan chiqmaslik va mahalliy hukumat ko'rsatmalariga qat'iy rioya qilish talab etildi. Mintaqadagi xavfsizlikning keskinlashuvi xorijdagi hind diasporasi uchun ham jiddiy xavf tug'dirmoqda.
Source: www.dw.com