Yerdan 284 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan WD J1330+6435 deb nomlangan oq mitti yulduzi inson koʻziga och yashil tusda koʻrinishi mumkinligi ilmiy jihatdan hisoblab chiqildi. Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, bu yashil rangi haqida ishonchli maʼlumot olingan tarixdagi ilk yulduz boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Ilmiy natijalar RAS Techniques and Instruments jurnalida eʼlon qilingan boʻlib, unda olimlar oq mitti yulduzlarning turli toʻlqin uzunliklaridagi nurlanishini inson koʻrish qobiliyatiga taqlid qiluvchi maxsus raqamli modellar yordamida chuqur tahlil qilganliklari maʼlum qilingan. Mutaxassislarning fikricha, gap yashil yulduzning oddiy fotosurati haqida ketmayapti, balki hisob-kitoblar inson uni yaqin masofadan kuzatganida qanday rangda koʻrishini aniqlashga qaratilgan.
Maʼlumki, oq mittilar Quyosh kabi yulduzlar evolyutsiyasining oxirgi bosqichida qoladigan oʻta zich jismlar boʻlib, ularning oʻlchami Yernikiga yaqin boʻlishi mumkin, ammo massasi Quyosh massasining sezilarli qismini tashkil etadi. Oddiy yulduzlarning rangi odatda uning haroratiga bogʻliq boʻlsa, oq mittilarda oʻta zich atmosfera va undagi kimyoviy elementlar nurning ayrim qismlarini kuchli yutib, gʻayrioddiy ranglar hosil qilishi mumkinligi aniqlangan.
WD J1330+6435 yulduzining harorati taxminan 4000 daraja Selsiyga teng boʻlib, odatda bunday haroratdagi oddiy yulduz qizgʻish-toʻq sariq tusda koʻrinishi kerak edi. Biroq, ushbu oq mitti atmosferasidagi natriy toʻq sariq, kalsiy esa binafsha nurlarni oʻziga yutishi tufayli, modelga koʻra, inson koʻzi qolgan nurlanishni och yashil tusda qabul qiladi. Yulduzning umumiy yoshi qariyb 8,4 milliard yilga baholanmoqda.
Source: kun.uz