Xitoy hukumati 2030-yilgacha moʻljallangan temiryoʻl sohasini texnologik jihatdan yangilashga qaratilgan keng qamrovli rejasini omma eʼtiboriga havola etdi. Mamlakat Milliy temiryoʻllar boshqarmasi tomonidan eʼlon qilingan ushbu strategik hujjat 2026–2030-yillarni qamrab olib, infratuzilmani rivojlantirish va raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgani aytilmoqda.
Rasmiy manbalarning taʼkidlashicha, yangi dastur doirasida soatiga 400 kilometr tezlikda harakatlanadigan yuqori tezlikdagi poyezdlardan foydalanish tizimini joriy etish koʻzda tutilgan. Shuningdek, soatiga 600 kilometr tezlikka erishishi kutilayotgan magnit yostiqchali (maglev) poyezdlar boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bosqichma-bosqich davom ettirish va zarur texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish rejalashtirilgan.
Dastur nafaqat texnik tezlikni, balki xizmat koʻrsatish sifatini ham yaxshilashni oʻz ichiga oladi. Xususan, mamlakatdagi 12306 rasmiy chipta sotish platformasini tubdan oʻzgartirib, uni oddiy xarid saytidan butun safar davomida yoʻlovchiga hamroh boʻladigan intellektual yordamchiga aylantirish moʻljallangan. Platforma turli transport turlarini birlashtirgan holda eng qulay yoʻnalishlarni taklif qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kelgusi besh yil ichida sohada 30 ga yaqin yangi ilmiy-texnologik innovatsiya markazlarini ochish, kamida 100 ta muhim texnologiya boʻyicha siljishga erishish maqsad qilingan. Ekologik masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilib, vodorod va akkumulyator texnologiyalariga asoslangan lokomotivlarni sinovdan oʻtkazish hamda uglerod chiqindilarini kamaytirish choralari koʻrilishi taʼkidlanmoqda.
Source: kun.uz