Janubiy Osiyoda Pokiston hamda Afg‘onistonni boshqarayotgan Tolibon harakati o‘rtasidagi chegara mojarolari va o‘zaro zarbalar tobora keskin tus olayotgan bir paytda, Rossiya hukumati ikki tomon o‘rtasida tinchlik o‘rnatuvchi vositachi sifatida maydonga chiqmoqda. So‘nggi kunlarda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev Ravalpindida Pokiston armiyasi qo‘mondoni Osim Munir bilan xavfsizlik masalalarida muzokara o‘tkazgan bo‘lsa, Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin Kobulga tashrif buyurib, Tolibon razvedkasi rahbari Abdul Haq Vosiq bilan muloqot qildi.
Rasmiy manbalar ushbu uchrashuvlar tafsilotini ochiqlashdan tiyilayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar Moskva Janubiy va Markaziy Osiyo chegaralaridagi beqarorlikning kuchayishidan jiddiy xavotirda ekanini ta’kidlamoqda. So‘nggi bir yil davomida Qatarda va Xitoyda vositachilik uchrashuvlari o‘tkazilganiga qaramay, Pokiston va Tolibon o‘rtasida otishmalar to‘xtamadi. Islomobod Tolibonni o‘z hududida Pokiston Toliboniga (TTP) boshpana berishda ayblab, Afg‘oniston hududiga bir necha bor aviazarbalar berdi; oqibatda tinch aholi, jumladan yosh bolalar qurbon bo‘ldi. Kobul hukumati esa bu ayblovlarni mutlaqo rad etib, Islomobodning xavfsizlik muammolari ichki xarakterga ega ekanini ta’kidlamoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov tomonlar rasmiy murojaat qilsa, Moskva muloqot maydonini taqdim etishga tayyorligini bildirdi. Pokiston tomoni allaqachon Moskvaga yordam so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa-da, Tolibon rasman vositachilik so‘rovini ilgari surmagan. Shu bilan birga, Rossiya hukumati Afg‘onistonda faoliyat yurituvchi IShID-Xuroson (ISKP) terrorchilik tarmog‘iga qarshi kurashda Tolibon bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan bo‘lib, o‘tgan yili Tolibon hukumatini rasman tan olgan dunyodagi yagona davlatga aylangan edi.
Mintaqa bo‘yicha tahlilchilarning ta’kidlashicha, Vashington rejimi va uning ittifoqchilari mintaqadan shoshilinch qochib ketganidan so‘ng vujudga kelgan geosiyosiy bo‘shliqni to‘ldirish va qo‘shimcha tashqi aralashuvlarning oldini olish Moskva uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Agar Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ziddiyat chuqurlashsa, bu Markaziy Osiyo respublikalariga ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli, Moskva Islomobod bilan harbiy hamkorlikni kengaytirib, bir vaqtning o‘zida Kobul bilan amaliy aloqalarni saqlab qolgan holda, mintaqadagi muvozanatni ushlab turishga intilmoqda.
Source: www.aljazeera.com