Ishg‘ol qilingan G‘arbiy sohil hududida falastinlik tinch aholi va fermerlarga qarshi navbatdagi zo‘ravonlik holatlari qayd etildi. Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, Xevron janubidagi Masafer Yatta hududida joylashgan Ma’in qishlog‘ida isroillik ko‘chmanchilar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida olti nafar tinch aholi, jumladan to‘rt nafar ayol va bir bola jarohat oldi. Rasmiylar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi voqealar mintaqadagi vaziyatning yanada keskinlashib borayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, Ramalloh g‘arbidagi Deyr-Ammar shaharchasida isroillik harbiylar zaytun terayotgan mahalliy fermerlarga qarshi o‘t ochgani va ularni o‘z yerlarini tark etishga majbur qilgani xabar qilindi. Xuddi shu hududda yana ikki nafar falastinlik ko‘chmanchilar tomonidan otib yaralangan. Batlah yaqinidagi Tuqu qishlog‘ida esa isroillik harbiylar falastinlik fuqaroning mashinasiga qarshi o‘t ochgan. Kafr-Malek qishlog‘ida esa ko‘chmanchilar fermaga bostirib kirib, taxminan 20 ta qo‘yning yostig‘ini quritgan.
Mahalliy hokimiyat vakillarining ta’kidlashicha, isroillik harbiylar va ko‘chmanchilar harakatlari tizimli tus olgan bo‘lib, zaytun yig‘im-terimi mavsumiga jiddiy putur yetkazmoqda. Oktyabr oyi boshidan buyon 300 dan ortiq shunday hujumlar hujjatlashtirilgani aytilmoqda. Ekspertlar va faollarning fikricha, Isroil rejimi amaldorlari va siyosatchilar bu zo‘ravonliklarga ko‘z yumib kelmoqda, chunki bu siyosiy maqsadlarga xizmat qiladi.
Source: www.aljazeera.com