Tunisda universitetni tamomlagan minglab yoshlar yillar davomida ish topa olmay, og'ir iqtisodiy sharoitda qolmoqda. Shunday bitiruvchilardan biri Cherin G'anmi o'qish oilasini qashshoqlikdan qutqaradi deb umid qilganini, biroq 2012 yilda diplom olgach, aksincha, ota-onasiga yanada og'ir yuk bo'lib qolganini bildirmoqda. Uning so'zlariga ko'ra, e'lon qilingan davlat dasturlari va qonunlar amalda o'z samarasini bermayapti.
Ishsiz qolgan oliy ma'lumotli yoshlar o'z huquqlarini talab qilib, mamlakat markazidan poytaxt Tunis tomon taxminan 300 kilometrlik «Qadr-qimmat marshi» deb nomlangan piyoda yurishni boshladilar. Dastlab 23 kishidan iborat bo'lgan bu guruhga yo'l-yo'lakay boshqalar ham qo'shilib, ishtirokchilar soni 120 nafardan oshdi. Biroq politsiya namoyishchilarni poytaxt yaqinida to'xtatib, guruh bo'lib harakatlanishni taqiqlab qo'ydi.
Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz va ish o'rinlarining yetishmasligi aholi noroziligini yanada kuchaytirdi. Tunis Statistika milliy instituti ma'lumotlariga ko'ra, ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda, ayniqsa universitet bitiruvchilari va ayollar orasida bu ko'rsatkich xavotirli darajada yuqori. Mutaxassislarning fikricha, iqtisodiyotning mavjud salohiyatni ishlab chiqarish va investitsiyalarga aylantira olmagani asosiy muammolardan biridir.
Vujudga kelgan og'ir ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va infratuzilmadagi uzilishlar yosh avlod vakillarini yurtni tark etish haqida o'ylashga majbur qilmoqda. Ayrim yoshlar dengiz orqali noqonuniy ravishda ketishni afzal ko'rayotganini bildirsa, boshqalari kichik biznesini saqlab qolishga qiynalayotganini ta'kidlaydi. Rasmiylar tomonidan taklif etilayotgan chora-tadbirlar esa uzoq yillardan beri ish topa olmagan fuqarolarning ishonchini oqlamayapti.
Source: www.aljazeera.com