Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Janubiy Afrikaning mashhur regbi yulduzi, 31 yoshli Xayron Endryus Chempionlar kubogi doirasidagi o‘yin arafasida Fransiyada to‘satdan vafot etdi. Mazkur fojia Fransiyaning «La-Roshel» va Yoxannesburgning «Lions» klublari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan jamoatchilikni larzaga soldi. «Marsel-Deflandr» stadionida bo‘lib o‘tgan bahs oldidan marhum xotirasiga bir daqiqalik sukut e’lon qilindi va maydonda chuqur motam muhiti hukm surdi.

Motam marosimi chog‘ida ko‘plab «Lions» o‘yinchilari ko‘z yoshlarini tiya olmadi, ayrimlari esa jamoadoshlarini quchoqlab, yupatishga urindi. Stadionning katta ekranida Endryusning surati aks ettirilib, uning 5-raqamli libosi ramziy ma’noda maysazorga qo‘yildi. Fransiya tomoni ushbu uchrashuvga qora bog‘ichlar bilan tushdi hamda raqib jamoaga o‘z hamdardligini izhor qildi. O‘yin natijasiga ko‘ra, mezbonlar 31:14 hisobida g‘alaba qozondi, biroq maydondagi asosiy e’tibor sportga emas, qayg‘uli yo‘qotishga qaratildi.

Fransiya rejimi vakillari, xususan, La-Roshel prokurori Arno Larezning ma’lum qilishicha, sportchi juma kuni ertalab ichkaridan qulflangan dush kabinasida hushsiz holda topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u fojiadan taxminan bir soat oldin xammomga kirgan bo‘lgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, regbichida so‘nggi kunlarda hech qanday sog‘liq muammolari kuzatilmagan. Hozirda Fransiya surishtiruv organlari holat yuzasidan tekshiruv boshlagan bo‘lib, o‘limning aniq sababini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlangan.

Janubiy Afrika regbi ittifoqi (SA Rugby) bergan bayonotga ko‘ra, Endryus yiqilish oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin. Tashkilot bosh ijrochi direktori Rudolf Straeuli ushbu yo‘qotish butun jamoa uchun og‘ir judolik bo‘lganini ta’kidladi. O‘z faoliyati davomida «KZN Sharks» va Angliyaning «Sale Sharks» klublarida ham to‘p surgan iqtidorli o‘yinchi sport olamida yorqin xarakteri va mahorati bilan chuqur iz qoldirgan edi.

Source: www.aljazeera.com