Moliyalashtirishdagi keskin taqchillik va xalqaro donorlarning charchog‘i fonida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) vayronaga aylangan G‘azoda o‘z oziq-ovqat yordamlarini majburiy ravishda qisqartirayotganini ma'lum qildi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, mintaqa aholisining uchdan ikki qismidan ortig‘i keskin ocharchilik muammosiga duch kelmoqda va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini topishda qiynalmoqda.
Tarqatilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, JOD yordam oluvchilar sonini 1,6 million kishidan 1,1 million nafargacha qisqartirishga qaror qilgan. Buning oqibatida 500 mingga yaqin inson zaruriy ko‘makdan mahrum qolmoqda. Tashkilot vakillari moliyaviy resurslar tugab borayotgani va mavjud darajadagi yordamni davom ettirish imkoni yo‘qligini ta'kidlashmoqda.
Isroil rejimi va uning nazorati ostidagi hududlarda davom etayotgan og‘ir sharoitlar, shuningdek, cheklovlar gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. JOD ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Karl Skouning so‘zlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tuzilgan kelishuvlarga qaramay, mahalliy aholi uchun hayot o‘ta shafqatsizligicha qolmoqda. G‘azoda munosib boshpana, asosiy xizmatlar va xavfsizlik mutlaqo yo‘qligi aytilmoqda.
Og‘ir qish mavsumi yaqinlashib kelayotgan bir paytda, BMT dasturi G‘azo va G‘arbiy Sohilni keyingi olti oy davomida moliyalashtirish uchun zudlik bilan 450 million dollar (400 million yevro) miqdorida mablag‘ga muhtojligini bildirmoqda. Biroq, Isroil rasmiy tuzilmalari hududga yetkazib berilayotgan gumanitar yuklar hajmi talabni qondirishini va o‘tkir ocharchilik holati yo‘qligini da'vo qilib, xalqaro agentlik ma'lumotlarini rad etishga urinmoqda.
Source: www.dw.com