Eron parlamenti mamlakatning yangi mudofaa va qurolli kuchlarni taʼminlash vaziri lavozimiga Mehrdod Axloqiyning nomzodini maʼqulladi. Onlayn tarzda oʻtkazilgan yigʻilishda 68 yoshli nomzod deputatlarning salmoqli qismi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Mazkur tayinlov AQSH va Isroil rejimlarining Eronga qarshi harbiy harakatlari yanada keskinlashib, mamlakat ichidagi iqtisodiy va siyosiy bosimlar kuchaygan bir sharoitda amalga oshirildi.
Eronning sobiq mudofaa vaziri Aziz Nasirzoda joriy yil boshida yuz bergan harbiy zarbalar oqibatida halok boʻlganidan buyon bu lavozim vaqtincha egallab kelinayotgan edi. Oʻtgan davr mobaynida Amerikaning va Isroilning harbiy rejlari tufayli mamlakatning mudofaa-sanoat infratuzilmasi jiddiy talofat koʻrgani aytilmoqda. Endilikda yangi vazir zimmasiga vayron boʻlgan obʼektlarni qayta tiklash va qurol-yarogʻ ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishdek ogʻir vazifa yuklatilgan.
Maʼlum qilinishicha, Mehrdod Axloqiy mudofaa sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlib, uning faoliyati asosan ballistik raketalar, aerokosmik texnologiyalar va qattiq yoqilgʻili dvigatel tizimlarini yaratishga qaratilgan. Biroq uning bu boradagi faoliyati Gʻarb davlatlari tomonidan tanqid ostiga olinib, uzoq yillardan beri AQSH sanksiyalari ostida qolib kelmoqda. Bu esa Eron uchun xalqaro maydonda qoʻshimcha logistik va iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Eron hukumati vakillari mamlakat hech qanday tajovuzni boshlamasligini, biroq hududiy yaxlitlikni himoya qilishga tayyorligini daʼvo qilishmoqda. Shunga qaramay, ekspertlar yangi rahbar ostida harbiy poygaga sarflanadigan mablagʻlar ortishi mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy tanglikni yanada chuqurlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.
Source: kun.uz