Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Keniyaning Mombasa shahridagi sud o‘zini ruhoniy deb e’lon qilgan shaxs va uning sheriklarini 191 kishining, jumladan ko‘pchilik bolalarning o‘ldirilishida aybdor deb topdi. Pol Makkenzi va uning tarafdorlari bolalarni “Iso bilan uchrashish” bahonasi ostida ataylab ochlikdan o‘lishga majburlagani iddao qilingan edi. Dastlab ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan barcha ayblovlarni, jumladan, terrorizm va radikallashtirish holatlarini rad etib kelishgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Makkenzi 2003 yilda o‘z rafiqasi bilan birgalikda Keniyaning janubi-sharqiy qismidagi Malindi shahrida “Xushxabar xalqaro vazirliklari” deb nomlangan apokaliptik sektaga asos solgan. Bungacha u Nayrobida taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan. Uning cherkovi butun mamlakat bo‘ylab minglab tarafdorlarni to‘play olgan, Makkenzi esa o‘zining g‘azabnok va aqidaparastlik targ‘ibotini Times TV telekanali orqali muntazam ravishda efirga uzatib borgan.

Sektant rahbar o‘z izdoshalarini go‘yo u Xudoning ovozini eshita olishiga ishontirib kelgan va ba’zi tarafdorlari cherkovga xayriya qilish uchun hatto o‘z mulklarini sotib yuborgan. Makkenzi ta’lim olishni “yovuzlik” deb atab, bolalarga maktabga borishni qat’iyan taqiqlagan, tibbiy yordamdan foydalanishni esa diniy qoidalarga zid deb rad etgan. U AQSh, BMT va hatto Katolik cherkoviga qarshi ochiqdan-ochiq g‘arazli g‘oyalarni targ‘ib qilgan.

Vakolatli organlar uning faoliyatiga 2010-yillarning oxirlarida e’tibor qaratgan va 2019 yilda cherkov yopib qo‘yilgach, Makkenzi Kilifi okrugidagi Shakaxola o‘rmoniga ko‘chib o‘tgan. 2023 yilda huquq-tartibot idoralari o‘rmondan sayoz ommaviy qabrlar topgan va ocharchilikdan tinkasi qurigan o‘nlab tirik qolganlarni aniqlagan. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, ko‘plab bolalar ochlikdan, ba’zilari esa bo‘g‘ib o‘ldirilgan yoki qattiq jarohatlar olgan holda topilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Makkenzi o‘zi och qolmagan, aksincha tartib bo‘yicha avval bolalar, so‘ngra turmush qurmagan ayollar, erkaklar va oxirida cherkov rahbarlari ochlikdan o‘lishi kerak bo‘lgan. Sud jarayonida u 191ta qotillik bandi bo‘yicha aybdor deb topildi, biroq uning faoliyati va qilmishlari atrofidagi mojarlar hamon jiddiy ijtimoiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Source: www.aljazeera.com