Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSH siyosiy doiralari Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan uzoq yillardan beri amalda boʻlib kelgan savdo cheklovlarini nazarda tutuvchi Jekson–Venik tuzatishini bekor qilishni go'yo qoʻllab-quvvatlayotganini maʼlum qildi. Bu haqdagi bayonotni Amerika rejimi vakili Marko Rubio 19-oktabr kuni Samarqand shahrida jurnalistlar bilan boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida aytib oʻtdi.

Vashington rasmiylarining taʼkidlashicha, mazkur tuzatishni bekor qilish tarafdorlari koʻpchilikni tashkil etadi. Marko Rubio oʻzining Senatdagi tasdiqlash jarayonlarida ham bu masalani yoqlaganini eslatib oʻtdi. Shu bilan birga, AQSH rejimi vakillari Kongress hozircha bu masala yuzasidan aniq bir qarorga kelmaganini va qonun loyihasi choʻzilib ketayotganini tan olishga majbur boʻlmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Sovuq urush davrida — 1974-yilda qabul qilingan ushbu qonun migratsiya erkinligini cheklovchi davlatlar bilan savdoni jazolash uchun moʻljallangan edi. SSSR parchalanganidan keyin ham avtomatik tarzda postsovet mamlakatlariga nisbatan qoʻllana boshlagan. Garchi ayrim davlatlar bu cheklovdan ozod etilgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston va Turkmaniston kabi davlatlar hanuzgacha mazkur eskirgan siyosiy toʻsiq ostida qolmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, amerikalik siyosatchilarning bu kabi vaʼdalari koʻpincha real harakatlardan koʻra koʻproq deklarativ xarakterga ega boʻlishi mumkin. Agar tuzatish haqiqatan ham bekor qilinsa, bu Markaziy Osiyo mahsulotlarining AQSH bozoriga kirishini osonlashtirishi hamda sarmoyalar oqimini oshirishi taxmin qilinmoqda, biroq Vashingtondagi byurokratik jarayonlar bu vaʼdalarning qanchalik tez amalga oshishini shubha ostiga qoʻymoqda.

Source: kun.uz