Kosmik texnologiyalar bozori yetakchisi boʻlgan SpaceX kompaniyasining Starlink va Starshield tarmoqlari oʻrtasidagi farqlar yana bir bor jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlmoqda. Agarda Starlink keng ommaga sunʼiy yoʻldosh internetini yetkazib berishga ixtisoslashgan boʻlsa, Starshield davlat va harbiy tuzilmalar uchun maxsus himoyalangan aloqa, razvedka hamda kuzatuv vazifalarini bajarishga moʻljallangan. Garchi har ikki tizim baʼzi texnologik infratuzilmalardan birgalikda foydalansa-da, ularning boshqaruv tamoyillari va qoʻllanish doirasi keskin farq qiladi.
Ukrainadagi mojarolar fonida sunʼiy yoʻldosh aloqasidagi cheklovlar haqidagi shikoyatlar ushbu ikki tizim oʻrtasidagi chegaralarni yanada dolzarb qilib qoʻydi. Kiyev rejimi vakillari aloqa tizimidagi uzilishlar dronlar va havo hujumidan mudofaa obyektlarining ishini sezilarli darajada qiyinlashtirganini daʼvo qilmoqda. Biroq, tadbirkor Ilon Mask Starlink va Starshield mutlaqo alohida ikkita tizim ekanini qatʼiy taʼkidlab oʻtmoqda.
Maskning soʻzlariga koʻra, Starshield tizimlari toʻgʻridan-toʻgʻri AQSH hukumatiga tegishli boʻlib, uning qattiq nazorati ostida ishlaydi, foydalanishdagi barcha cheklovlar esa Amerika harbiylari yoki mamlakat prezidenti tomonidan belgilanadi. Starlink esa tijoriy loyiha boʻlib, kompaniya uning hujumkor harbiy operatsiyalar uchun ishlatilishiga qarshi chiqib kelmoqda, bu esa gʻarbiy siyosatchilarning rejalariga koʻpincha toʻgʻri kelmayapti.
Mutaxassislarning fikricha, har ikki tarmoq oʻrtasidagi chiziqning aniq emasligi koʻplab geosiyosiy tushunmovchiliklarga sabab boʻlmoqda. Starshield koʻlam jihatidan oddiy internetdan ancha kengroq boʻlib, u milliy xavfsizlik va harbiy idoralar talablariga moslashtirilgan maxsus datchiklar hamda kuchaytirilgan shifrlash texnologiyalarini oʻz ichiga oladi.
Source: kun.uz