Xitoyning janubi-g'arbiy qismidagi Tibet avtonom tumanida juma kuni kechasi 7 magnitudali vayronkor zilzila qayd etildi. Mamlakatning rasmiy axborot agentligi Xinhua xabariga ko'ra, tabiiy ofat oqibatida kamida 16 kishi halok bo'lgan va yana 32 kishi turli darajada tan jarohati olgan. Mahalliy favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma'lumotlariga tayanib berilgan xabarlarga ko'ra, jabrlanganlarning 11 nafari og'ir ahvolda qolmoqda, 21 nafariga esa yengil tibbiy yordam ko'rsatilgan.
Favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish maqsadida hududda darhol II darajali zilzila ofati favqulodda holati rejimiga o'tkazildi. Xitoy hukumati tomonidan jabrlangan hududlarga qutruv guruhlari safarbar etilib, vayronagarchilik ko'lamini baholash va qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Rasmiy manbalarning ta'kidlashicha, bu joriy yilning yanvar oyidan beri Xitoy hududida qayd etilgan eng kuchli yer silkinishi hisoblanadi.
AQSh Geologiya xizmati (USGS) tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, zilzilaning epimarkazi Nagqu shahridan taxminan 190 kilometr sharq-shimoli-sharqda va mintaqaviy poytaxt Lhasadan 390 kilometr shimoli-sharqda joylashgan tog'li hududga to'g'ri kelgan. Epimarkazga yaqin qishloqlarda joylashgan ba'zi turar-joy binolarida yoriqlar paydo bo'lgani aniqlangan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari e'lon qilgan videolavhalarda aholi o'z uylarini tark etib, ko'chalarda, to'xtatib qo'yilgan mashinalar ichida yoki ochiq maydonlarda boshpana topishga urinayotgani aks etgan.
Source: www.aljazeera.com