Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) ma'lum qilishicha, Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) boshlangan Ebola epidemiyasi yanada murakkab tus olmoqda va virus allaqachon Sharqiy hamda Gʻarbiy Afrika davlatlariga ham tarqalgan. Ushbu xavotirli vaziyat Nigeriyada qayd etilgan ilk kasallanish holatining kelib chiqish sabablarini tekshirish davriga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa bemor Keniyaning ilk bemori bilan Uganda aeroportida muloqotda boʻlganmi yoki yoʻqmi degan jiddiy savollarni tugʻdirmoqda.
JSSTning Afrika boʻyicha mintaqaviy direktori Muhammad Janabining payshanba kuni boʻlib oʻtgan onlayn brifingda ta'kidlashicha, mutaxassislar hozirda ancha murakkablashgan epidemiologik vaziyatga duch kelishmoqda. Nigeriya seshanba kuni Ebolaning Bundibugyo shtammi boʻyicha oʻzidagi ilk holatni tasdiqladi. Shu tariqa mamlakat may oyining oʻrtalaridan beri 4 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin boʻlgan mazkur kasallik tarqalgan toʻrtinchi Afrika davlati va aholisi eng koʻp boʻlgan hududga aylandi.
Keniya, KDR va Nigeriyada Bundibugyo shtammining faol yoki yaqinda aniqlangan holatlari qayd etilmoqda, Uganda esa yil boshida kasallikni boshdan kechirgan boʻlib, keyinchalik Eboladan xoli hudud deb e'lon qilingan edi. Nigeriyadagi bemor – Abujadagi Shveytsariya diplomatining ugandalik rafiqasi hisoblanadi. Uganda rasmiylari uning Sharqiy KDRga sayohat qilganini da'vo qilgan boʻlsa-da, JSST va Afrikaning yetakchi sogʻliqni saqlash agentligi bu ma'lumot tasdiqlanmaganini ma'lum qildi.
Shveytsariya hukumati ham Reuters agentligiga yoʻllagan bayonotida bemor kasallikni Ugandada yurgan vaqtida yuqtirib olgan boʻlishi mumkinligini bildirdi. Afrika Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (Africa CDC) vakili Vessam Mankulaning aytishicha, Nigeriya va Keniyadagi ilk bemorlar 3-oktabr kuni Entebbadan uchib ketgan va ular oʻrtasida ehtimoliy uchrashuv boʻlgani yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, Uganda rasmiylari bu idoralarning da'volarini keskin rad etib, mamlakatni ayblash asossiz ekanini ta'kidlamoqda.
Source: www.aljazeera.com