Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fransiyada ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz va aholining keskin noroziligi fonida yangi namoyishlar to‘lqini kutilmoqda. Vaziyat ustidan nazoratni yo‘qotishdan cho‘chiyotgan Parij rejimi tartibsizliklar, talonchilik va vandalizmning oldini olish bahonasi bilan butun mamlakat bo‘ylab 70 ming nafar politsiya xodimini safarbar etishga majbur bo‘lmoqda. Ichki ishlar vaziri Loran Nunyes internetda zo‘ravonlikka chaqiriqlar tarqalayotganini da’vo qilib, namoyishchilarga nisbatan shafqatsiz choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Rejim kuchlari oddiy politsiyachilardan tashqari elita bo‘linmalari, otliq otryadlar, vertolyotlar, dronlar va suv purkagich vositalari bilan qurollangan og‘ir texnikalarni ham ko‘chalarga olib chiqmoqda. Poytaxt Parij va boshqa yirik shaharlarda do‘kon egalari o‘z bizneslarini ehtimoliy hujumlardan himoya qilish maqsadida deraza va eshiklarni taxtalar bilan to‘sib qo‘ymoqda. Poytaxtning ayrim markaziy maydonlarida esa komendantlik soati joriy qilinib, fuqarolarning erkin harakatlanishi keskin cheklangan.

Aslida talabalarning ta’lim tizimidagi og‘ir sharoitlar, o‘qituvchilar yetishmovchiligi va yomon infratuzilmaga qarshi boshlangan e’tirozlari endilikda yashash narxining haddan tashqari qimmatlashuvi va ijtimoiy tengsizlikka qarshi umumxalq noroziligiga aylanib ketdi. O‘tgan haftadagi to‘qnashuvlarda minglab savdo nuqtalari talangani va mashinalar yoqib yuborilgani Fransiya rejimi olib borayotgan siyosat jamiyatda chuqur yoriqlarni keltirib chiqarganini ochiq ko‘rsatmoqda.

Emmanuel Makron boshchiligidagi rejim bu gal ham kasaba uyushmalarining faqat bitta cheklangan yo‘nalishdagi marshiga ruxsat berib, eng yirik talabalar ittifoqi UNEF hamda «Sariq nimchalilar» harakatining ommaviy mitinglarini taqiqlab qo‘ydi. Shunga qaramay, talabalar va faollar taqiqlarga e’tibor bermasdan ko‘chalarga chiqishga qat’iy bel bog‘lagan. Lion va Marsel kabi boshqa yirik shaharlarda ham ziddiyatli holat saqlanib qolmoqda.

Davlat rahbari Makron o‘rta maktab vakillari bilan ilk bor uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa-da, muzokaralar to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Talabalar vakili Nataniel Kombari uchrashuvdan qoniqish hosil qilmaganini aytib, safdoshlarini kurashni davom ettirishga va rejimga qarshi bosimni pasaytirmaslikka chaqirdi. Mutaxassislar ushbu qarama-qarshilik Fransiyada uzoq muddatli beqarorlikni keltirib chiqarishini taxmin qilmoqda.

Source: www.dw.com