Isroil rejimi kelasi haftadagi umumiy saylovlar kuni bosib olingan G‘arbiy sohil bilan barcha quruqlikdagi chegara o‘tish punktlarini yopish niyatida ekanini e’lon qildi. Yakshanba kuni tongda Isroil armiyasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, yakshanba va dushanba kunlari falastinlik ishchilarning G‘arbiy sohilning ko‘pgina hududlariga kirishi taqiqlanadi, seshanba kuni esa — Isroildagi ovoz berish kunida — hududga kirish va chiqish joylari to‘liq yopiladi.
Ushbu e’lon Isroil qo‘shinlari Xevron shahrida qattiqlokaut joriy qilib, minglab falastinliklarni o‘z uylaridan majburan ko‘chirib yuborganidan bir kun o‘tib yangradi. Xabar qilinishicha, ikki falastinlik qurolli shaxsning Isroil zaxira armiya bazasiga qilgan hujumi natijasida ikki nafar isroil harbiysi halok bo‘lganidan so‘ng, juma kunidan buyon yuzlab reydlar uyushtirildi. Mazkur hujumda ikki falastinlik ham otib o‘ldirilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu sodir etilgan hujum ortidan bosib olingan G‘arbiy sohilda «to‘liq blokada» o‘rnatishni buyurdi. Shuningdek, mudofaa vaziri Isroil Kats taxminan 2000 nafar aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganini tasdiqladi. Kats davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida Xevrondagi barcha muammolar hal etilmaguncha bu odamlar o‘z uylariga qaytarilmasligini iddao qildi.
Xevron meri Yusuf al-Jabariy Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida shahar va unga tutash bir qancha qishloqlar to‘liq qamal ostida qolganini bildirdi. Falastin ma’muriyati Isroilning bu harakatlarini «jamoaviy jazo» deb atab, uylar buzib tashlanishi, butun boshli mahallalarning ko‘chirilishi va shaharlar qamal qilinishiga qarshi xalqaro hamjamiyatni bosim o‘tkazishga chaqirdi. Tahlilchilarning fikricha, uzoq yillardan beri hokimiyatda kelayotgan Netanyaxu mintaqaviy mojarolar va xavfsizlik qo‘rquvlaridan foydalanib, o‘zining qayta saylanish kampaniyasini kuchaytirishga urinmoqda.
Source: www.aljazeera.com