Fransiya bo'ylab yashash sharoitlari og'irlashuvi va qimmatchilikka qarshi o'tkazilgan ommaviy namoyishlar yana shiddatli to'qnashuvlarga sabab bo'ldi. Yevropa mamlakatida bir hafta oldin yuz bergan tartibsizliklardan so'ng, mamlakat rahbariyati xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirganiga qaramay, yuz minglab fuqarolar ko'chaga chiqishdi.
Ichki ishlar vazirligining ma'lumotlariga ko'ra, shanba kuni butun mamlakat bo'ylab mingga yaqin kishi hibsga olingan. Rasmiylar qora kiyingan va o'ta so'l guruhlarga mansub namoyishchilar tomonidan «o'ta yuqori darajadagi zo'ravonlik» kuzatilganini da'vo qilishmoqda. Parij, Marsel, Lion, Bordo va boshqa yirik shaharlarda politsiya olomonni tarqatish va savdo nuqtalarini himoya qilish uchun ko'zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.
Fransuz hukumati namoyishlarning oldini olish va tartibsizliklarni bostirish uchun mamlakat bo'ylab 70 mingga yaqin xavfsizlik xodimlarini safarbar etdi. Vrachlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ma'lumotiga ko'ra, to'qnashuvlar chog'ida jiddiy jarohat olganlar ham bor. Xususan, Tuluzada bir erkak qo'l barmoqlaridan ayrilgani aytilmoqda.
Yevropa rejimining vakillari vaziyat nazorat ostida ekanini va oldingi haftaga nisbatan ijobiy o'zgarishlar borligini ta'kidlashganiga qaramay, huquq faollari va oddiy namoyishchilar norozilik bildirishmoqda. Ularning fikricha, amaldagi siyosiy tuzum fuqarolarning asosiy erkinliklari va namoyish o'tkazish huquqiga qarshi hujum uyushtirmoqda. Ushbu voqealar prezident Makron vorisini tanlash bo'yicha bo'lib o'tadigan saylovlarga olti oy qolganda sodir bo'layotgani e'tiborni tortmoqda.
Source: www.aljazeera.com