Sudanning tezkor harakat kuchlari mamlakat sharqidagi beshta yirik elektr stansiyasiga muvofiqlashtirilgan dron hujumlarini uyushtirdi. Rasmiy manbalarning ma'lum qilishicha, ushbu zarbalar natijasida qator hududlarda yirik elektr ta'minoti uzilishlari kuzatilgan va aholi og'ir ahvolda qolgan.
Qayd etilishicha, dronlar Al-Jazira va Gedaref shtatlaridagi ikkitadan hamda Oq Nil shtatidagi bitta elektr stansiyasiga kelib urilgan. Oqibatda mazkur uchta shtatning katta qismida elektr energiyasi butunlay o'chgan. Ushbu hududlar 2023 yilning aprelidan buyon paramilitar tuzilma bilan qurolli mojaroga kirishgan Sudan armiyasi nazorati ostida qolmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti elektr stansiyalariga qilinayotgan muntazam hujumlar millionlab tinch aholi hayotini xavf ostiga qo'yayotganidan ogohlantirmoqda. Mamlakat allaqachon dunyodagi eng yirik ocharchilik inqirozini boshdan kechirayotgan bir paytda, infratuzilmaning izdan chiqishi gumanitar fojiani yanada chuqurlashtirmoqda.
Mahalliy aholi vakillarining so'zlariga ko'ra, elektr ta'minotining yo'qligi kundalik hayotga va tibbiy xizmatlarga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Xususan, muzlatgich ishlamagani sababli insulin saqlashga muhtoj bemorlar va kichik tadbirkorlar o'z mahsulotlarini yo'qotish xavfi bilan yuzma-yuz kelgan. Shuningdek, dehqonlar ham sug'orish nasoslarining ishlamay qolishidan aziyat chekmoqda.
Source: www.theguardian.com