Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fors korfezi mamlakatlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni jilovlash maqsadida Eron bilan diplomatik aloqalarni keskin faollashtirdi. Bu harakatlar AQSh rejimi tomonidan Tehronga qarshi ehtimoliy yangi zarbalar berilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar hamda Yamanning eronparast husiychilar harakati va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi ziddiyatning kuchayishi fonida yuz bermoqda.

Avgust oyida Makkada Qo'shma mudofaa shartnomasini imzolagan uch davlat – Pokiston, Saudiya Arabistoni va Turkiya, shuningdek, Qatar diplomati dushanba kuni eronlik yuqori martabali mulozimlar bilan muzokaralar o'tkazdi. Ushbu uchrashuv keng ko'lamli urush qaytadan boshlanishining oldini olishga qaratilgan bo'lib, uning jiddiyligini ta'kidlash maqsadida Tehrunda Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon Ol Saud ham ishtirok etdi.

Shu bilan birga, O'mon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaidi Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida so'zlagan nutqida mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi, jumladan, Fors korfezi mamlakatlari va Eron o'rtasida AQSh rejimi endilikda asosiy xavfsizlik kafili bo'lmaydigan «hujum qilmaslik pakti»ni tuzishni taklif qildi. Biroq kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, tomonlar o'rtasidagi chuqur ishonchsizlik va qarashlardagi tafovutlar mazkur tashabbuslarning muvaffaqiyatiga jiddiy to'sqinlik qilmoqda.

Shuningdek, AQSh rejimi rahbari Donald Tramp o'z bayonotlarida yoqilg'i narxining oshishi va kelgusi saylovlar sababli Eronga qarshi yangi harbiy operatsiya o'tkazilishi mumkinligidan yana bir bor ogohlantirdi. Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi esa har qanday tajovuzga yanada qat'iy javob qaytarilishini bildirib, vaziyatning yanada keskinlashish xavfini oshirib yubordi.

Source: www.aljazeera.com