️ Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Erondagi faktlarni aniqlash bo‘yicha mustaqil xalqaro missiyasi 4-mart kuni Isroil va AQSh tomonidan Eronga berilgan zarbalarni qoralovchi bayonot e’lon qildi. Missiya ta’kidlaganidek, bu hujumlar va Eronning mintaqa bo‘ylab bergan javob zarbalari BMT nizomiga ziddir, chunki nizom “har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatishni taqiqlaydi”.
️ Bayonotda xalqaro huquq normalarining izchil qo‘llanishi kerakligi ta’kidlanib, “ular harakatlarni qaysi davlat amalga oshirayotganiga qarab o‘zgarishi mumkin emas” deb bildirildi. Missiya, shuningdek, Eron aholisi haftalar yoki oylar davom etishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli harbiy kampaniya hamda inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzish bo‘yicha uzoq tarixga ega hukumat o‘rtasida qolganligini, xalq 2025-yil 28-dekabrda boshlangan norozilik namoyishlarining shafqatsizlarcha bostirilishidan keyin hali o‘ziga kelib ulgurmaganligini qayd etdi.
️ Missiya Minobdagi qizlar maktabiga berilgan zarbalar haqidagi xabarlardan “qattiq larzaga kelganini” bildirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 150 dan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksariyati 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilaridir. Shuningdek, missiya o‘nlab eronlik amaldorlarning AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilgan “maqsadli aviazarbalar” oqibatida o‘ldirilganidan g‘azabda ekanini, hatto ushbu shaxslarning ba’zilari inson huquqlarini buzish yoki xalqaro jinoyatlar uchun javobgar bo‘lsa-da, suddan tashqari holda hayotdan mahrum qilish xalqaro huquqqa muvofiq adolatni qaror toptirishning maqbul vositasi hisoblanmasligini ta’kidladi.
️ Missiya Eronning qo‘shni davlatlarga bergan javob zarbalari yuzasidan ham jiddiy xavotir bildirdi va bu hujumlar butun mintaqa bo‘ylab tinch aholining halok bo‘lishiga hamda fuqarolik infratuzilmasining vayron bo‘lishiga olib kelayotganidan ogohlantirdi. Erondagi faktlarni aniqlash bo‘yicha mustaqil xalqaro missiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan 2022-yil 24-noyabrda tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi Eronda 2022-yil 16-sentabrda boshlangan norozilik namoyishlari bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishi holatlarini tekshirishdan iborat.
Source: www.gazeta.uz