Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Hindistonning Panjob shtatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining jasadi elchixona ko‘magida vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. Hodisa 10-mart kuni Panjob shtatidagi Zirakpur shahrida yuz bergan, natijada T.M. ismli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa shaxsiy transport vositasi ishtirokida sodir bo‘lgan. Panjob shtati vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan aybdorlarni aniqlash va javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Diplomatik vakolatxona marhumaning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.

Elchixona marhumaning yaqinlariga hamdardlik bildirib, uning jasadini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Shuningdek, yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha tergov jarayoni ham nazoratga olingan. Diplomatik missiya chet eldagi o‘zbekistonliklarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidlab, Hindiston hududida murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi bilan bog‘lanish uchun ma’lumotlar: manzil – EP40, Dr. S. Radhakrishnan Marg, Chanyakapuri, New Delhi, 110021; konsullik bo‘limi telefoni – +91 94994 85962; e-mail – Bu e-Posta adresi istenmeyen posta engelleyicileri tarafından korunuyor. Görüntülemek için JavaScript etkinleştirilmelidir.; Telegram bot – @consuluzbindia_bot. Eslatib o‘tamiz, 10-mart kuni Nyu Yorkda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi Nilufar Komilova ham halok bo‘ldi.

Avvalroq Rossiyaning Rostov viloyati Bataysk shahridagi uyda chiqqan yong‘in oqibatida voyaga yetmagan o‘zbekistonlik halok bo‘lgani xabar berilgandi. Uning hujjatlari yonib ketgani sabab jasadni vatanga qaytarishda muammo yuzaga kelgan, ammo bosh konsulxona ko‘magida marhumning jasadi Krasnodar-Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga olib kelindi.

Source: www.gazeta.uz