Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh va Eron o‘rtasidagi davom etayotgan ziddiyat nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik va geosiyosiy muvozanat nuqtai nazaridan ham Markaziy Osiyo uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Logistika koridorlari, turkiy davlatlarning strategik roli, yadro qurollari poygasi va Erondagi ichki beqarorlik masalalari O‘zbekiston va butun mintaqa manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta‘sir ko‘rsatadi.

Kun.uzning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Eronning yadro quroliga ega bo‘lish ehtimoli va bunday stsenariyning Markaziy Osiyoga ta‘sirini muhokama qilishdi. Kamoliddin Rabbimovning fikricha, agar Eronda siyosiy tizim qulasa, bu Isroilning mintaqadagi geosiyosiy pozitsiyasini yanada kuchaytirishi va mamlakatni uzoq muddatli beqarorlik davriga olib kirishi mumkin. Bunday jarayon kamida 15-20 yil davom etishi va ba‘zi stsenariylarda mamlakatning parchalanish xavfini ham yuzaga keltirishi mumkin.

Rabbimov ta‘kidlashicha, bunday vaziyatda mintaqadagi geosiyosiy e‘tiborning asosiy yo‘nalishi o‘zgarishi mumkin. Bu holda Isroil va AQShning strategik diqqati Turkiyaga qaratilishi ehtimoldan yiroq emas. Turkiya esa turkiy davlatlar orasidagi eng yirik va yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib, biz uchun ham muhim hamkor hisoblanadi. Shu sababli, Yaqin Sharqdagi har qanday geosiyosiy muvozanat o‘zgarishi butun mintaqaning siyosiy va iqtisodiy muhitiga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

Bekto‘sh Berdiyevning ta‘kidlashicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda janubiy yo‘nalishlar orqali yangi transport koridorlariga chiqishga intilayotgan mamlakatlardan biriga aylanmoqda. Xususan, Afg‘onistondan keyin Eron hududi orqali uning dengiz portlariga va Pokistonga chiqish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda. Biroq, Pokiston yo‘nalishi hozirda afg‘on “Tolibon” va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik tufayli sezilarli darajada murakkablashgan. Shuning uchun Eron orqali chiqish imkoniyati O‘zbekiston uchun muhim yo‘nalishlardan biri edi. Afsuski, hozirgi urush holati bu imkoniyatlarni sezilarli darajada qiyinlashtirishi mumkin.

Shavkat Ikromovning fikricha, Eronda qanday siyosiy tuzilish bo‘lishidan qat‘iy nazar, u erda sog‘lom va barqaror siyosiy tizim mavjud bo‘lishi muhimdir. Chunki kuchli va barqaror Eron Markaziy Osiyo uchun ham katta ahamiyatga ega. Xavfsizlik nuqtai nazaridan bu birinchi navbatda muhimdir. Iqtisodiy jihatdan barqaror Eron mintaqa davlatlari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Uning fikricha, hatto rasmiy Tehron yadro quroliga ega bo‘lsa ham, bu Markaziy Osiyo uchun tahdid bo‘lmaydi.

Shuxrat Rasulning ta‘kidlashicha, agar Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, bu mintaqada “Pandora qutisi” ochilishiga o‘xshash jarayonni boshlashi mumkin. Bunday holda, boshqa mintaqaviy davlatlarning ham yadro quroliga ega bo‘lishga intilish ehtimoli ortadi. Masalan, Turkiya bunday imkoniyatni ko‘rib chiqishi va uni amalga oshirish uchun texnologik salohiyatga ega. Xuddi shunday, Saudiya Arabistoni va Misr o‘z yadro dasturlarini faollashtirishga harakat qilishi mumkin. Natijada, bunday jarayon domino effektiga o‘xshab kengayib, boshqa mamlakatlarni ham yadro quroliga ega bo‘lishga undashi mumkin.

Source: kun.uz