Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha yangi ma’lumotlar e’lon qilindi. Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining “Avtoyo‘linvest” agentligi direktor o‘rinbosari Asliddin Isayevning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusiga ko‘ra, yo‘l Toshkentning Sergeli tumanidagi halqa yo‘lidan boshlanib, mavjud trassaga parallel tarzda o‘tadi va Samarqand viloyatigacha davom etadi. Hozirgi vaqtda bu yo‘nalishda transport oqimi yuqori bo‘lib, bir kunda 55–60 ming avtomobil harakatlanayotgani qayd etildi.
Isayevning ta’kidlashicha, Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li bugungi kunda eng yirik strategik loyihalardan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘l qurilishi natijasida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan harakat vaqti 2–2,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asosga ko‘ra 2,25 mlrd dollarga baholanmoqda. Bu yirik muhandislik ishlarini o‘z ichiga oladi, jumladan, 12 ta transport yechimlari, 60 ta tunnelli o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgichi va 258 ta quvurlar (drenaj inshootlari) qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning moliyalashtirish jarayoni davom etmoqda. Isayevning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy investorlar bilan muzokaralar yakunlangan, hozirda esa moliyalashtirish shartlari bo‘yicha shartnoma oldi muzokaralar olib borilmoqda. Xitoyning yirik investor kompaniyalari, jumladan, dunyoning top 100 talik ro‘yxatiga kiradigan kompaniyalar bilan ham muzokaralar olib borilayotgani aytildi. Qisqa fursatlarda amaliy ishlar va qurilish ishlarining boshlanishi rejalashtirilgan.
Yangi trassa intellektual transport tizimlari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan. Isayevning ma’lumotlariga ko‘ra, avtomagistralda 12 ta kirib-chiqish terminali bo‘ladi, yo‘l to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, intellektual transport tizimlari 24/7 rejimda ishlaydi. Terminallar haydovchilarga yo‘lning turli nuqtalarida magistralga kirish va chiqish imkonini beradi. Pulli yo‘ldan foydalanish tarifi hozircha belgilanmagan, u investorlarning takliflari va xalqning moliyaviy imkoniyatlari hisobga olingan holda yakuniy muzokaralar natijasida belgilanadi.
Loyihaning amalga oshirilishi bosqichma-bosqich tarzda ko‘rib chiqilmoqda. Isayevning ta’kidlashicha, trassani to‘liq qurib bitkazishni kutmasdan, uni bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish imkoniyati ham mavjud. Tadqiqotlarga ko‘ra, Toshkent shahridan Sirdaryogacha bo‘lgan uchastkada eng yuqori transport oqimi mavjud, shuning uchun investorlar bilan kelishilgan holda yo‘lni bosqichma-bosqich ochish variantlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu loyiha O‘zbekistonning pulli yo‘llar tarmog‘ini yaratish dasturining bir qismi bo‘lib, 2026-yilda Toshkent-Samarqand, Andijon va Chorvoq yo‘nalishlarida qurilish boshlanishi rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz