Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Majburiy ijro byurosi (MIB)ning 2 nafar davlat ijrochisi qo‘lga olindi. Ular fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorini ijro etish jarayonida pora olishda ayblanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Guliston tumanlararo sudi 2021-yil dekabr oyida qarzdor shaxsdan undiruvchi foydasiga 30 million so‘m miqdorida moddiy va ma’naviy zarar undirishni belgilagan. Bu ijro ishi MIB davlat ijrochilaridan birining ish yurituvida bo‘lgan.

Tergov materiallarida aytilishicha, davlat ijrochilari “shaxsiy boylik orttirishni maqsad qilib”, qarzdor fuqarodan ijro ishini tugatish evaziga 20 million so‘m olishgan. So‘ngra undiruvchi fuqaroga qarzdorning “sharoiti og‘irligini” ro‘kach qilib, unga pulning faqat 14 million so‘m qismini berishgan.

Bundan tashqari, undiruvchidan go‘yoki 30 million so‘mning hammasini olganligi va da’vosi yo‘qligi haqida tilxat yozdirib olishgan. Xodimlar qolgan 6 million so‘mni tuman prokuraturasi binosi oldida o‘zaro 3 million so‘mdan taqsimlab olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur MIB davlat ijrochilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, bu korrupsiyaga qarshi kurashda muhim voqea sifatida qayd etilmoqda.

Source: www.gazeta.uz