Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Ushbu tashabbuslar atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan.

“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida batafsil axborot berildi. Bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda, bu Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilgan. Havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obyektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.

Amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan darajada yaxshilangan, masalan, 2026-yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Endi bu yo‘nalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi. “Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratilgan, mahsulotining ma’lum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Transport sohasida havoni muhofaza qilish bo‘yicha alohida yo‘nalishlar ham belgilangan, jumladan, motor yoqilg‘isi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish, avtotransport vositalarini “qizil”, “sariq” va “yashil” stikerlarni bergan holda ekologik toifalarga ajratish, texnik ko‘rikni ekologik talablar bilan bog‘lash, eski avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti ulushini oshirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali yo‘l harakati bilan bog‘liq ifloslanish hajmini qisqartirish, ayniqsa, yirik shaharlar markazida havo sifatini yaxshilash maqsad qilingan.

Tabiiy chang omillarini kamaytirish bo‘yicha ham aniq choralar belgilangan, masalan, Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘” barpo etish, Surxondaryo va Sirdaryoda chang bo‘ronlarining oldini olish uchun “yashil devor”lar tashkil qilish, sun’iy ko‘llar va suv havzalarini barpo etish, poytaxt tumanlarida favvoralarning sonini ko‘paytirish, barglarni kompost va mulcha sifatida qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish. Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Source: www.gazeta.uz