Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasida ishtirok etayotgan fuqarolar va biznes vakillarini rag‘batlantirish uchun yangi tizim joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 23-mart kuni prezidentga ekologik tashabbuslar taqdimoti chog‘ida ma’lum bo‘ldi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Musayevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ishtirokchilari uchun ko‘kalamzorlashtirishga qo‘shgan hissasiga qarab maxsus maqomlar berish ko‘zda tutilgan.

Musayevning ta’kidlashicha, misol uchun, 100 tup daraxt ekkan yoki “yashil” xayriya jamg‘armasiga 10 million so‘m xayriya qilgan fuqarolarga “ekofaol fuqaro” maqomi beriladi. 1000 tup daraxt ekkan yoki jamg‘armaga tegishli miqdorda mablag‘ o‘tkazgan tadbirkorlarga esa “ekohamkor” maqomi beriladi. Bundan tashqari, o‘z mablag‘lari hisobidan 5 milliard so‘m xayriya qilgan yoki 5000 ga yaqin ko‘chat ekkan hamda bog‘lar tashkil etishda faol ishtirok etgan fuqarolarga “metsenat” maqomi beriladi.

Qo‘mita vakili qo‘shimcha qilib, eng faol ishtirokchilar uchun davlat mukofoti ham ko‘zda tutilganligini aytdi: “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘z mablag‘lari hisobidan kamida beshta yashil bog‘ tashkil etishda faol ishtirok etgan fuqarolarni ‘Kelajak bunyodkori’ davlat mukofoti bilan taqdirlash ko‘zda tutilmoqda”.

Taqdimotda havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham namoyish etildi. Green University huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Zikrilla Alimovning ma’lum qilishicha, zavod va ishlab chiqarish korxonalarida filtrlar hamda chang-gaz tozalash qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil etishga nisbatan muayyan cheklovlar (shu jumladan, moratoriy) joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Source: www.gazeta.uz