Prezident Shavkat Mirziyoyevga 25-mart kuni neft-gaz sanoatida ishlab chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish va yangi zahiralarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot taqdim etildi. Hisobotda “O‘zbekneftgaz” tizimida tabiiy gaz qazib olish dinamikasi, hozirgi pasayish omillari va ularni qoplash uchun qabul qilingan choralar haqida ma’lumot berildi. Yilning birinchi choragida yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjud quduqlarni ta’mirlash va texnologik tadbirlarni amalga oshirish orqali qo‘shimcha hajmlar ta’minlanganligi, yil davomida esa bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish rejalashtirilganligi ta’kidlandi.
Quduqlar samaradorligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Hozirda yangi 2D va 3D seysmik tadqiqotlar o‘tkazish uchun istiqbolli uchastkalar aniqlanmoqda. Burg‘ulash va maydon ishlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida xalqaro standartlar asosida supervayzing tizimini yo‘lga qo‘yish, geologik-gidrodinamik modellashtirish va qazib olish dasturlarini yanada puxta shakllantirish bo‘yicha choralar belgilandi.
Hisobotda, shuningdek, konlarda gaz olish koeffitsiyentini oshirish, qiyin olinadigan zahiralarga yangi yondashuvlarni joriy etish, 2026–2027 yillar uchun rejalashtirilgan dasturlarning iqtisodiy samaradorligini baholash masalalari ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishda xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda tegishli ishlar olib borilayotligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari sanoatda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, geologik-qidiruv va burg‘ulash ishlarini tizimli tashkil etish, shuningdek, amaliy natijalar beradigan xorijiy hamkorlar bilan sheriklikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Mas’ul shaxslarga belgilangan rejalarni bajarishni qat’iy nazorat qilish va har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq natijalarni ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Source: kun.uz