O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab qurilish ob’ektlariga yangi ekologik talablar joriy etiladi. Bu talablar shaxsiy turar-joy qurilishiga taalluqli emas. Prezident farmoniga muvofiq, barcha qurilish maydonchalari fon monitoring stansiyalari bilan jihozlanishi va ularning ma’lumotlari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mitasining yagona geoinformatsion ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinishi belgilandi.
Bundan tashqari, qurilish maydonchasi perimetri va chiqish nuqtalarida onlayn-kameralar o‘rnatilishi, ular orqali qurilish jarayonini onlayn nazorat qilish va bu ma’lumotlarni ham yuqoridagi tizimga ulash nazarda tutilgan. Qurilish tashkilotlari ekologik qoidalarni buzgan taqdirda, “Shaffof qurilish” platformasidagi reyting ballari pasaytiriladi.
Loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish majburiyati belgilandi. Yangi quriladigan binolar va inshootlar (balandligi 12 metrdan oshgan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan katta bo‘lganlar, shaxsiy uylardan tashqari) uchun ajratilgan yer uchastkasining kamida 30 foizi yashil maydon sifatida belgilanishi kerak. Bu talab eskirgan ob’ektlarni rekonstruksiya qilish loyihalariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
2026-yil 1-dekabrgacha kamida bir gektar maydonda tushgan barglarni yig‘ish, ularni biologik parchalash (kompostlash) va olingan organik moddalarni kompost va mul‘ch sifatida ishlatish tizimi joriy etiladi. 2027-yil 1-maygacha xorijiy kompaniyalar va ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokida Toshkent shahrining 2035-yilgacha bo‘lgan ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-rejasi ishlab chiqiladi.
Farmonda, shuningdek, ekologik va qurilish ekspertizasi xulosalarini olishda shamol yo‘nalishi (“shamol atlasi”) hisobga olinishi majburiyati belgilandi. Hududlarning general rejalarida “shamol koridorlari” tasdiqlanadi. Daryo va kanallarni tozalash yoki noqonuniy qum-shag‘al materiallari qazib olish natijasida suv fondi yerlarining buzilgan qismlarini reabilitatsiya qilish, rekultivatsiya qilish va yashilantirish ishlari huquqbuzarlik qilgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.
Source: kun.uz