Ezgu Amal xayriya jamoat fondi va Supersport sport maktabi yangi “Sakkizta yurak” loyihasini ishga tushirdi. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi Toshkentdagi Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun narxi 120 ming dollar bo‘lgan maxsus pediatrik UZI apparatini xarid qilish uchun mablag‘ yig‘ishdir.
Fondning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uskuna bolalarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda ultratovush tekshiruvlarini o‘tkazish, yuqori aniqlik va sifatni ta’minlash imkoniyatini beradi. Bu bolalar onkologiyasi sohasida diagnostika imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.
Loyihani o‘zbekistonlik sakkiz nafar havaskor sportchi qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular aprel oyi boshida dunyodagi eng murakkab ultramarafonlardan biri hisoblangan Marathon des Sables (MDS) musobaqasida ishtirok etish uchun Afrikadagi Sahroi Kabir cho‘liga yo‘l oldilar. Bu yil marafon o‘zining 40 yillik yubileyini nishonlamoqda, u 1986-yildan beri o‘tkazib kelinadi.
Marafon dasturi Marokashda 11 kunni, shu jumladan cho‘lda 9 kunni o‘z ichiga oladi. Taxminan 250 km masofaga cho‘zilgan yo‘nalish olti bosqichdan iborat bo‘lib, ishtirokchilar ekstremal issiq va chidamlilikni sinovdan o‘tkazuvchi sharoitlarda masofani zabt etishlari kerak. “Sakkizta yurak” loyihasi tashkilotchilari ushbu tashabbus orqali xayriya loyihasiga e’tiborni qaratish va bu haqda iloji boricha ko‘proq odamlarga so‘zlab berishga umid qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz