O‘zbekiston hukumati 2026-yilda yana ukrainalik bolalarni dam olish va sog‘lomlashtirish dasturini qayta tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Mishenko 2-aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda bolalarni sog‘lomlashtirish dasturi qayta tiklanadi va qo‘shimcha gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Mishenko O‘zbekiston tomonidan avval ko‘rsatilgan gumanitar yordamni “juda muhim” deb ta’rifladi va bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha hukumat qarorini “umumiy g‘alabamizga katta hissa” sifatida baholadi. U shuningdek, O‘zbekistonda yashab kelayotgan ukrain diasporasiga bo‘lgan munosabat uchun minnatdorlik bildirdi.
Ukraina rasmiysining ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi ukrainlar normal yashash, ishlash va ijodiy jihatdan o‘zini namoyon qilish imkoniyatiga ega. Rossiya agressiyasi boshlanganidan keyin kelgan odamlar ham mahalliy jamiyatga moslashgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, ukrainlar o‘z tili va madaniyatini saqlab qolish bilan birga, O‘zbekiston jamiyatiga integratsiyalashmoqda, bu esa o‘zaro madaniy boyishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ilk bor 2023-yilda 45 nafar ukrainalik bolani Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi lagerda qabul qilgan. 2025-yilda esa 100 nafar bola va ularga hamroh pedagoglar qabul qilingan, ularga mahorat darslari, ekskursiyalar va sport musobaqalari tashkil etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Ukrainaga 2000 ta “birinchi sinf o‘quvchisi to‘plami”dan iborat gumanitar yuk yuborgan.
Source: www.gazeta.uz