Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda elektron tijorat uchun bond omborlari tizimi ishga tushiriladi

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab ikki yillik eksperiment tarzida elektron tijorat uchun bond omborlari tizimi ishga tushiriladi. Bu 13-aprel kuni qabul qilingan prezident qarorida nazarda tutilgan. Asosiy yangilik jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni vaqtincha saqlashga xizmat qiluvchi bond omborlarni joriy etishdan iborat. Bunday omborlar faoliyati erkin omborlar uchun nazarda tutilgan litsenziyalash tartibi asosida tartibga solinadi.

Yangi tizimga ko‘ra, kompaniya avval tovarni O‘zbekistonga olib kiradi, ammo uni darhol bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazmaydi. Tovar “erkin ombor” rejimida bond omborga joylashtiriladi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) reyestriga kiritilgan maxsus marketpleys orqali sotuvga chiqariladi. Bunday tovarlarni faqat jismoniy shaxslar va shaxsiy foydalanish uchun sotib olishi mumkin. Asosiy farq shundaki, bojxona rasmiylashtiruvi chegaradan o‘tish paytida emas, balki tovar sotib olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Eksperiment doirasida bir qator tovar turlari uchun alohida soliq tartibi joriy etiladi. Bond omborlar orqali sotiladigan smartfonlar, noutbuklar, planshetlar va ayrim turdagi boshqa elektrotexnika mahsulotlari amaldagi bojxona to‘lovlari o‘rniga sotish qiymatining 5% miqdorida yagona bojxona to‘lovi bilan soliqqa tortiladi. Yuqorida qayd etilgan elektronikadan tashqari, yana 30 ta tovar toifasi uchun ham bond omborlari orqali sotilganda QQS va bojxona bojini 3% miqdorida undirish tartibi joriy etiladi.

Bojxona va Soliq qo‘mitalari ombor operatorlari va marketpleyslar bilan birgalikda tovar aylanmasini monitoring qilish tizimini yo‘lga qo‘yishi lozim. Buning asosiy maqsadi — shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan tovarlar qayta sotish maqsadida xarid qilinayotgan holatlarni aniqlashdan iborat. Agar tijorat faoliyati belgilari aniqlansa, bunday operatsiyalar bo‘yicha bojxona to‘lovlari imtiyozli 5 foizlik stavka qo‘llanilmasdan, umumiy tartibda undiriladi.

Eksperiment 1-iyul 2028-yilgacha, ya’ni ikki yil davom etadi. Bu yangilik aholining bojsiz olib kirish me’yorlari qisqartirilgan sharoitida keladi. 2025-yil 1-maydan jismoniy shaxslar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlari qisqartirilgan: endilikda ushbu limitdan faqat xorijda kamida 2−3 kun bo‘lgan shaxslar foydalanishi mumkin. Xalqaro kurerlik xizmatlari orqali jismoniy shaxslarga yetkaziladigan tovarlar uchun limit bir chorak uchun 1000 dollardan oyiga 200 dollargacha qisqartirildi.

Source: www.gazeta.uz