Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq erkin turistik zonasida 10-apreldan boshlab qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlashning oldini olish maqsadida keng ko‘lamli tekshiruv olib borilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi. Tekshiruv Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, ekologik va turizm politsiyasi hamda mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirilmoqda.

Qo‘mitaning tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonning barcha hududlarida qurilish ishlarining keskin o‘sishi qurilish chiqindilarining belgilanmagan joylarga noqonuniy tashlanishi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, Chorvoq turistik zonasida qurilishlar 2020-yilga nisbatan 10 baravar oshgani natijasida loyiha egalarining chiqindilarni ekologik me’yorlarga rioya qilmasdan turli joylarga noqonuniy ravishda tashlab ketish holatlari sezilarli darajada ko‘paygan. Dastlabki o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, 2020–2021-yillarda tumandagi ikki chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib yopilgan, hozirda chiqindilar Parkent tumanidagi poligonga olib borilmoqda.

11–13-aprel kunlari o‘tkazilgan reydlarda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 102 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalarini buzish bo‘yicha 19 holat qayd etildi. 23 ta maxsus texnika yordamida ikkita noqonuniy chiqindixona bartaraf etildi, 401 tonna turli xil chiqindilar maxsus poligonlarga olib chiqib ketildi.

Hududda chiqindilarni noqonuniy va tartibsiz tashlashning oldini olish maqsadida 10 ta lokatsiyada onlayn videokuzatuv qurilmalari o‘rnatilgan, yana 40 ta nuqtada shunday tizim joriy etish rejalashtirilgan. Qo‘mita ma’lum qilishicha, respublika bo‘ylab ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida “dolzarb 10 kunlik” e’lon qilingan, uning doirasida qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq yana 11 ta huquqbuzarlik aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda onlayn kameralar orqali 3 oyda chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 2107 ta holat aniqlandi. Ularning 322 tasida jarima qo‘llandi, qolganlari bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Respublika bo‘ylab qariyb 700 ta kamera o‘rnatilgan. Belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlash fuqarolarga 412 ming so‘mdan 1,236 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 4,12 mln so‘mdan 8,24 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi, takroriy huquqbuzarlik esa yanada og‘irroq jarimalarni keltirib chiqaradi.

Source: www.gazeta.uz