O‘zbekistonda yagona QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish tartibi rasman belgilandi. Yangi tizim mijozlarga har qanday bank yoki to‘lov ilovasidan foydalanib, tovarlar va xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirish imkoniyatini beradi.
O‘zbekiston Adliya vazirligi yagona QR-koddan foydalanishni tartibga soluvchi hujjatni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangi tartibga ko‘ra, savdo va xizmatlar sohasida barcha yuridik shaxslar uchun yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu xaridorlarning qaysi ilovadan foydalanishidan qat’i nazar, har qanday bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali xaridlarni to‘lash imkoniyatini anglatadi.
Yagona QR-kod barcha to‘lov xizmatlarining muvofiqligini ta’minlaydigan universal vosita hisoblanadi. Tizim doirasida statik va dinamik QR-kodlarni ajratish, barcha to‘lov tizimlarini yagona infratuzilmaga integratsiya qilish, to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida avtomatik qayta ishlash va uzatish, shuningdek operatsiyalar holati va foydalanuvchi murojaatlarini kuzatish imkoniyatlari nazarda tutilgan.
Foydalanuvchilar QR-kodni skanerlab, to‘lov miqdorini tasdiqlash, elektron cheklar olish va tranzaksiyalar tarixini ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan shaxslar elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-koddan foydalanishga majbur bo‘ladilar. Uni yo‘qligi yoki noto‘g‘ri ishlatilishi uchun katta miqdordagi jarimalar nazarda tutilgan.
Source: podrobno.uz