Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekistonda axborot texnologiyalari ta’lim ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan loyiha uchun 14 million dollar miqdorida grant ajratdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zbekistonda AT ta’lim ekotizimini takomillashtirish orqali yoshlarning bandlik va tadbirkorlik salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida yoshlar sun’iy intellekt, prompt muhandisligi, dasturlash, narsalar interneti va onlayn marketing kabi zamonaviy yo‘nalishlarda to‘rt yil davomida tizimli o‘qitiladi.
Shuningdek, 500 nafar AT mutaxassisi va o‘qituvchilarning malakasi oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida koreyalik yetakchi ekspertlar ishtirokida startap inkubatsiya dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha 2026−2032-yillar davomida amalga oshirilib, Nukus va Qarshi shaharlarida ikkita zamonaviy AT-xab tashkil etiladi. Bundan tashqari, yettita tumanda 14 ta AT markaz qurilib, zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur tashabbus ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar bandligini oshirish va innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Janubiy Koreya kompaniyasining 7 mln dollar granti asosida 100 ta tez yordam mashinasini xarid qilishi ma’lum bo‘lgan edi. Transport vositalari 2026-yilning birinchi yarmida xarid qilinadi.
Source: www.gazeta.uz