29−30-aprel kunlari Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi. Bu haqda mamlakat hukumati saytida xabar berildi.
Andrey Babishga uning birinchi o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Karel Gavlichek hamda energetika, transport, mashinasozlik va mudofaa sanoati kabi sohalardagi 50 ta kompaniya vakillaridan iborat tadbirkorlar delegatsiyasi hamrohlik qiladi.
Ular 26−30-aprel kunlari Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Chexiya eksportini va o‘zaro savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlashdir, deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv rejalashtirilgan. Shuningdek, Chexiya — O‘zbekiston biznes forumi o‘tkazilishi ham reja qilinmoqda.
“Kavkazga yo‘naltirilgan ushbu tadbirkorlik missiyasi hukumatimizning ustuvor yo‘nalishi — iqtisodiy diplomatiyani aks ettiradi. Biz Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi davlatlar orasida ham kuchli va barqaror sheriklarga ega bo‘lishimiz kerak, shu bois Ittifoqdan tashqariga ilk safarimiz aynan Ozarbayjon, so‘ngra Qozog‘iston va O‘zbekistonga amalga oshirilmoqda. Biz kompaniyalarimiz eksportini va umumiy tovar ayirboshlashni rag‘batlantirmoqchimiz, chunki bu bozorlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda…”, — dedi Andrey Babish.
Chexiyaning O‘zbekistondagi elchisi Lubomir Frebortning ma’lum qilishicha, tashrif doirasida temiryo‘l transporti sohasida Škoda loyihasini amalga oshirish boshlanadi. Loyiha elektropoyezdlarni yetkazib berish, ularni O‘zbekistonda yig‘ish va bosqichma-bosqich ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni nazarda tutadi. Buning uchun Toshkent davlat transport universiteti qoshida kadrlar tayyorlovchi Škoda akademiyasi ochilishi kutilmoqda.
“Aynan, O‘zbekistonga tashrif eng muvaffaqiyatlisi bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy maqsad — investitsiya, sanoat, iqtisodiyot va savdo sohalarida hamkorligimizning kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar topish”, — dedi elchi.
Source: www.gazeta.uz