Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiyada 100 nafardan ortiq o‘zbekistonlik ishchi to‘rt oy davomida maosh va oziq-ovqat ta’minotisiz qoldirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi. Umumiy qarzdorlik qariyb 24 million rublni (taxminan 324 ming dollar) tashkil etgan.

Ayrim ishchilar noqonuniy holatga tushib qolgan va Migratsiya agentligiga murojaat qilgan. Agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi advokatlar jalb etgan, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi esa diplomatik kanallar orqali tegishli organlarga murojaat yuborgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ish beruvchilarga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 145.1-moddasi (ish haqi va boshqa to‘lovlarni to‘lamaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Olib borilgan ishlar natijasida 105 nafar o‘zbekistonlikka 9 million 403 ming rubl (taxminan 127 ming dollar) ish haqi undirib berilgan. Qolgan 23 million 966 ming rubl (taxminan 323 ming dollar) 15-mayga qadar to‘lanishi kutilmoqda.

Ishchilarning oziq-ovqat ta’minoti qayta tiklangan. Noqonuniy holatga tushib qolgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytarilib, ularga moddiy yordam ajratish boshlangan.

Ushbu ishlar O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish va xorijda yuqori haq to‘lanadigan ishlar uchun kadrlar tayyorlashni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Xorijdagilar allaqachon 100 mingdan ortiq mutaxassisga talabnoma yuborgan, hukumat til o‘rganish va imtihon xarajatlarini qoplashni taklif qilmoqda.

Source: www.gazeta.uz