Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev 24-aprel kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda so‘nggi 10 yil ichida viloyat agrar hududdan sanoatlashgan hududga aylanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu infratuzilmani rivojlantirish va investitsion jozibadorlikni oshirish hisobiga amalga oshirilgan.
“Hurmatli prezident, yaratib bergan imkoniyatingiz, sharoitlaringiz tufayli oxirgi 10 yilda Jizzax viloyati agrar viloyatdan sanoat viloyatiga aylandi. Bu, avvalambor, infratuzilma va investitsion jozibadorlikni oshirish uchun qanchadan-qancha elektr, gaz, yo‘l, suv, kommunikatsiyalarni qilib berganingiz bilan bog‘liq”, — dedi hokim.
Hokimning ta’kidlashicha, sanoatning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 50 foizdan oshib, 60 foizga yaqinlashmoqda. “To‘g‘ri, kamchiligimiz ko‘p, qiladigan ishimiz ko‘p. Sanoat zonalarida ishlatilmagan imkoniyatlar hali ko‘p”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Jizzax mamlakatning avtomobilsozlik markazlaridan biriga aylanmoqda. 27-aprel kuni yangi Kia brendining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shu yildan boshlab eksport ham boshlanadi — 15 million dollarlik shartnoma imzolangan. Ijtimoiy tarmoqlarda Janubiy Koreya korporatsiyasi tomonidan 2023-yildan buyon ishlab chiqarilayotgan Kia K3 avtomobilini O‘zbekistonda ishlab chiqarish boshlangani haqida xabarlar tarqaldi.
BYD korxonasi ilk bor elektromobillar eksportini yo‘lga qo‘yadi. “Birinchi marta BYD korxonamiz Qozog‘istonga elektromobillar eksportini boshlaydi. Shuningdek, avtomobillarni Termizga va undan keyin Afg‘onistonga yetkazib berishni rejalashtiryapmiz”, — dedi hokim. Hokimiyat sanoatni nafaqat viloyat markazida, balki chekka tumanlarda ham rivojlantirish niyatida.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 457,9 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarildi, bu oldingi yilga nisbatan 6,7 foizga ko‘p. Ommaviy modellar — Cobalt, Damas va Onix ishlab chiqarish hajmi kamaydi. Chevrolet ulushi 83,2 foizgacha tushdi, Xitoy va boshqa brendlar ishlab chiqarilishi bir necha barobarga oshdi. 2026-yilning birinchi choragida 91 088 ta avtomobil sotildi, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 20,9 foizga ko‘p. BYD Uzbekistan Factory uch oyda 7799 ta avtomobil sotdi, bozor ulushi 8,6 foizga yetdi.
Source: www.gazeta.uz