Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishini jadallashtirish va tarmoqlar samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidladi. U hozirgi natijalar mamlakat imkoniyatlariga mos kelmasligini qayd etdi.
“Farg‘ona viloyati qachon 10 foizlik o‘sishga erishdi? Nega men o‘z oldimga bunday yuksak maqsadlarni qo‘ydim? Men bunga 10 yil tayyorlandim. Endi odamlar buni his qilishlari kerak. Bu murakkab davrni, bu qiyin yillarni yengib o‘tsak, Xudo xohlasa, oldimizda yangi imkoniyatlar ochiladi”, — dedi prezident viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan suhbatda.
Davlat rahbari aholi daromadlarini oshirish asosiy vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. “Biz odamlarni barcha sohalarda pul topishga o‘rgatishimiz kerak. Bu mening asosiy topshirig‘im”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat taraqqiyoti, avvalo, ichki sa’y-harakatlarga bog‘liq. “Men har safar takrorlayman, O‘zbekiston uchun chetdan hech kim hech narsa qilib bermaydi. Bu yerda o‘tirganlar, butun prezident jamoasi yeng shimarib ishlashi kerak. Ha, bugun biz katta raqamlarni aytyapmiz, ammo xalqimizning talablari ham ortib bormoqda. Ular kun sayin yaxshiroq yashashga intilyapti — yaxshi uyda yashash, yaxshi mashinada yurish, bolalarini dunyoning eng yaxshi oliygohlarida o‘qitishni xohlaydi”, — dedi prezident.
Prezident taraqqiyot uchun barqarorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi. “Buning uchun nima kerak? Avvalo tinchlik. Tinchlik bor joyda kelajak bor. Samaradorlik ortadi, qiziqish paydo bo‘ladi. Endi shikoyat qilishga o‘rin yo‘q. Odamlar ishonishdi. “Qilsa bo‘lar ekan” degan tushuncha paydo bo‘ldi”, — dedi u.
Davlat rahbari ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yanada yaxshilanishi tarmoqlar samaradorligiga bog‘liqligini ta’kidladi. “Natijalarni oshirish mumkin, ish haqi, pensiya va stipendiyalarni ko‘paytirish mumkin — bu masalalar o‘zimizga bog‘liq. Kelgusi chorakda prezident oldida tarmoqlar hisoboti bo‘ladi. U juda qat’iy bo‘ladi. Nega? Chunki bugun tarmoqlar o‘z salohiyatining atigi 50 foizida ishlayapti. Agar chuqurroq kirib borib, o‘rganilsa, katta natijalarga erishish va yakuniy maqsadga yaqinlashish mumkin”, — dedi Mirziyoyev.
Yakunda u murakkab davrda birlashish va ishlarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. “Biz jonajon mamlakatimiz va buyuk xalqimizni ushbu murakkab davrdan eson-omon olib o‘tishimiz kerak. Buning uchun katta, mashaqqatli mehnat talab etiladi. Bunday mehnat esa faqat tinchlik mavjud bo‘lgandagina mumkin. Yurtimiz tinch bo‘lsin. Xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga, barcha topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga va tinchligimizni asrab-avaylashga tayyor bo‘lamiz”, — dedi prezident.
Birinchi chorakda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi, dedi prezident. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev islohotlarning yangi bosqichi boshlanganidan buyon hech bir birinchi chorakda o‘sish 7 foizdan oshmaganini ta’kidladi. “Ishlamay, shunchaki maosh olib, “bir poyezdda ketayotgan”lar ham bor”, — dedi davlat rahbari.
Shu bilan birga, davlat rahbari ogohlantirganidek, agar inflyatsiya tezlashishi davom etsa, iqtisodiyotning o‘sishi aholi va biznes uchun sezilarli samara bermaydi. U mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirish, go‘sht importini kengaytirish, logistika uzilishlarini bartaraf etish orqali narxlar o‘sishini 6,5 foiz atrofida ushlab turishni topshirdi.
Source: www.gazeta.uz