O‘zbekistonlik ziyoratchilarni Saudiya Arabistoniga Haj uchun jo‘natish mavsumi 2-maydan 18-mayga qadar davom etadi, deya xabar bermoqda Musulmonlar idorasi.
Ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida respublikaning 9 ta — Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar amalga oshiriladi.
Ularni Madinaga yetkazish Saudiya Arabistonining FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, vatanga olib kelish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda safarga oid tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, har bir ziyoratchiga safar davomida foydalanish uchun maxsus anjomlar to‘plami berilgan. Uning tarkibidan “Haj — buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, mahalliy aloqa uchun sim-karta hamda quvvatlagich o‘rin olgan.
Hozirda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan ishchi guruh Mino va Arofot vodiylari hamda mehmonxonalarda o‘zbekistonliklar uchun sharoitlarni tayyorlash ishlarini olib bormoqda, deyiladi xabarda.
Source: www.gazeta.uz