29-30 aprel kunlari Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Unga bosh vazir birinchi o‘rinbosari — sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichek, shuningdek, yirik biznes vakillari hamrohlik qiladi.
Andrey Babish Bratislavada tug‘ilgan, otasi diplomat bo‘lgan. 1978-yilda Iqtisodiyot universitetining xalqaro savdo fakultetini a’lo baholar bilan tamomlab, xalqaro savdo yo‘nalishiga ixtisoslashgan. 1980-yilda Chexoslovakiya Kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan va tashqi savdo tizimida ishlagan.
Sotsialistik tizim parchalanganidan so‘ng Babish xususiy sektorga o‘tib, Agrofert xoldingiga asos solgan. Bu Chexiyadagi eng yirik konglomeratlardan biri bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, o‘rmon xo‘jaligi va logistika sohalarida 250 dan ortiq kompaniyani birlashtiradi. 2011-yilda u ANO (“Norozi fuqarolar harakati”) partiyasini tuzib, korrupsiyaga qarshi shiorlar bilan siyosatga kirib kelgan.
2017-yilda ANO partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonib, Babish ilk bor bosh vazir lavozimini egalladi. 2021-yilda saylovda yutqazib, iste’fo bergan bo‘lsa-da, 2025-yilda hokimiyatga qaytib, yana hukumat rahbari bo‘ldi. Uning siyosiy yo‘nalishi pragmatik populizm sifatida tavsiflanadi.
Babish Chexiyaning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi a’zoligini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq Bryusselning ayrim tashabbuslariga, xususan migratsiya siyosati va “yashil” energetikaga o‘tishga qarshi chiqadi. Ukraina masalasida ehtiyotkor pozitsiyada bo‘lib, diplomatik yechimlar tarafdori.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil dekabr holatiga Babishning boyligi 4,3 mlrd dollarga baholangan. U fransuz, nemis, ingliz va rus tillarini biladi. 2021-yilda “Ulashing, taqiqlanmasidan oldin!” nomli kitobini taqdim etgan.
Source: www.gazeta.uz