Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Hukumat qarori bilan buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihon topshirish xarajatlarini qoplash tartibi belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tish va imtihon xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Hukumat qaroriga muvofiq, “Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Ushbu tartib O‘zbekiston fuqarolari hamda mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tatbiq etiladi.

Nizomga ko‘ra, imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlarning dastlabki ro‘yxatdan o‘tish va imtihon topshirish uchun to‘langan xarajatlari qoplab beriladi. Bu qoida 2026-yil 1-maydan 2028-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilgan holatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Talabgorlar davlat xizmatlari markazlari, YAIDXP yoki subsidiya.mf.uz orqali ariza taqdim etadi. Arizaga biometrik pasport yoki ID karta ma’lumotlari, imtihon xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar hamda imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlik haqidagi sertifikat ilova qilinadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ariza kelib tushgan kundan boshlab 7 ish kuni ichida xarajatlarni qoplash yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi.

Yangi tartib buxgalterlarni xalqaro sertifikat olishga rag‘batlantirish hamda kasbiy malaka oshirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Source: www.gazeta.uz