AQSH boshchiligidagi yangi dengiz koalitsiyasi – Maritime Freedom Construct (MFC) tashkil etilmoqda. Ushbu ittifoq Ormuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini tiklash va xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, AQSH Davlat departamenti xorijdagi elchixonalariga diplomatik telegramma yuborib, xorijiy hukumatlarni ushbu ittifoqqa qo‘shilishga chaqirishni topshirgan.
Hujjatda ko‘rsatilishicha, AQSH boshchiligidagi koalitsiya razvedka ma’lumotlari almashish, diplomatik sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va sanksiyalarga rioya etilishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. MFC Davlat departamenti va AQSH Markaziy qo‘mondonligining qo‘shma loyihasi bo‘ladi.
Ittifoq tinch tashabbus sifatida taqdim etilgan bo‘lsa-da, diplomatlar xorijiy hamkasblaridan diplomatik yoki harbiy sherik bo‘lishni xohlashlarini so‘rashlari kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Pokiston orqali AQSHga harbiy mojaroni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklif yuborgan edi. Tehronning asosiy g‘oyasi mintaqaviy xavfsizlik va “yadroviy dosyeni” ajratib, muammolarni bosqichma-bosqich hal qilishdir.
Source: podrobno.uz