Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiyaning “Interfaks” axborot guruhi va O‘zbekistonning kontragentlarni tekshirish platformasi MyOrg ikki mamlakatdagi 9 milliondan ortiq yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi raqamli xizmatni ishga tushirganini e’lon qildi.

Yangi vosita O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalariga boshqa mamlakatdagi hamkorlar va mijozlarni topish va tekshirish, investitsiya loyihalarini boshlash va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish imkonini beradi.

O‘zbekiston tadbirkorlari Rossiya kontragentlari haqidagi ma’lumotlarga “Interfaks”ning SPARK tekshirish platformasi, SMART X hamkor qidirish va savdo jarayonlarini boshqarish xizmati hamda MARKER xaridlar nazorati tizimi orqali kirishlari mumkin.

Xizmat nafaqat ishonchli hamkor topishga, balki komplayens talablariga rioya qilish va biznes xatarlarini minimallashtirishga yordam beradi.

“Xalqaro yirik o‘yinchilarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib bormoqda. Shu bilan birga, hamkor tanlashda xato qilish narxi ham oshadi. MyOrg va ‘Interfaks’ning umumiy vazifasi – biznes imkoniyatlar mavjud bo‘lgan joyga ochiq ko‘z bilan, kontragent haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lib, obro‘ va sanksiya xatarlarisiz borishini ta’minlash”, – dedi MyOrg hammuassisi Xamro Abirov.

“Interfaks” – Rossiyadagi eng yirik nodavlat axborot guruhi: axborot agentligi va ommaviy axborot vositalari, biznes va idoralar uchun analitik tizimlar ishlab chiqaruvchisi. Yangi raqamli xizmatning xalqaro tarqatilishi guruhning BAAdagi hamkori Acute kompaniyasi orqali amalga oshiriladi.

Source: kun.uz