Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda mart oyi yakunlariga ko‘ra inflyatsiya 7,1 foizgacha sekinlashdi. Biroq Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Buning sababi — inflyatsiyaning pasayish sur’atlarining sekinlashuvi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yuqori o‘sishda davom etayotganidir.

29 aprel kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator rahbari Timur Ishmetov asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qoldirilishi sabablarini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda faqat stavkani saqlab qolish masalasi ko‘rib chiqilgan.

“Umumiy va bazaviy inflyatsiya pasayishda davom etmoqda. Bu ijobiy tendensiya. Shu bilan birga, pasayish sur’atlari sekinlashdi, ayrim tovarlar, ayniqsa aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida pasayish kuzatilmadi. Ularning narx o‘sishi umumiy inflyatsiyadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu sababli qattiq pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildik”, — dedi Markaziy bank rahbari.

Ishmetov inflyatsiya 7,1 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa-da, stavka yuqoriligicha qolayotganini ta’kidladi. U “Nega pasaytirish uchun sharoit yaratilmadi?” degan savollarga javoban, ijobiy tendensiya kuzatilayotganini, ammo jarayon sekinlashganini va tashqi xavflarni hisobga olib, asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlashga qaror qilinganini aytdi.

Ma’lumot uchun: Markaziy bank oxirgi marta 2025-yil 20-martda asosiy stavkani 0,5 foiz punktga oshirgan edi. O‘shandan beri stavka o‘zgarmasdan qolmoqda.

Source: kun.uz