Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish kengaytirilgan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, ikki tomonlama kelishuvlar imzolanish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, iqtisodiy, sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlik, diplomatik kadrlar tayyorlash, metrologiya laboratoriyasini birgalikda loyihalashtirish va qo‘llab-quvvatlash, metrologiya sohasida ilmiy-innovatsion hamkorlik, geologiya sohasida hamkorlik, shuningdek, elektr poyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

“Ko‘ksaroy” qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Andrey Babishning tor doiradagi va ikki davlat delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarning jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatilgan, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgan.

Parlamentlarda “do‘stlik guruhlari” tuzilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda. So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2 barobarga oshgan. O‘zaro savdo hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish orqali vazifa qo‘yildi.

O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam o‘tkazish, shuningdek, o‘zaro turistik oqimni oshirish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysni tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Alohida ravishda uyushgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Source: kun.uz